Hindistonning Goa shahrida davom etayotgan shaxmat bo‘yicha jahon kubogining 1/4 final bahslarining asosiy musobaqalari ortda qoldi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 2 million AQSH dollaridan iborat musobaqaning 1/4 finali 2-turida mahoratli shaxmatchimiz Nodirbek Yoqubboyev qora donalarda germaniyalik Aleksandr Donchenko bilan durangga erishdi. 1-turdagi g‘alabasi tufayli raqibini 1,5:0,5 hisobida mag‘lub etgan Yoqubboyev jahon kubogining 1/2 finalida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

Chorak finalning qolgan 3 ta juftligidagi o‘yinlarda murosa yo‘li tanlandi. 1/4 finalning ilk turida bo‘lgani kabi 2-turda Javohir Sindorov meksikalik Xose Martinez bilan, xitoylik Vey I hindistonlik Arjun Erigaisi bilan, AQSHlik Sem Shenklend FIDE bayrog‘i ostida musobaqada qatnashayotgan Andrey Yesipenko bilan ochkolarni bo‘lishib oldi.
Bugun, 19 noyabr kuni ushbu juftliklar o‘rtasida tay-brek o‘yinlari tashkil etiladi.

Jahon kubogining yarim final yo‘llanmasiga ega chiqqan N.Yoqubboyevning ushbu muvaffaqiyat natijasida onlayn jadvaldagi reyting ko‘rsatkichi ilk marta 2700 dan oshdi va shunday yuksalishga erishgan shaxmatchilarimiz Rustam Qosimjonov, Nodirbek Abdusattorov, keyinroq Javohir Sindorov qatoridan o‘rin egalladi.
Tay-brek o‘yinlari oldidan aytish lozimki, bugun Javohir Sindorov chorak finalda Xose Martinezni mag‘lub eta olsa, yarim finalda aynan Yoqubboyev bilan to‘qnash keladi.
Eslatib o‘tamiz, jahon kubogining yarim final o‘yinlari 21-23 noyabrda, final va 3-o‘rin uchun kechadigan bahslar 24-26 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
Mazkur jahon kubogida sovrinli o‘rinlarni egallagan 3 nafar shaxmatchi 2026 yilgi jahon chempionatining nomzodlar turnirida qatnashadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA