Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon kubogi yarim finali: Sindorov-Yoqubboyev kurashida kim kuchli?
13:04 / 2025-11-21

Bugun, 21 noyabr kuni Hindistonning Goa shahrida shaxmat bo‘yicha jahon kubogining yarim finalida hamyurtlarimiz Javohir Sindorov - Nodirbek Yoqubboyev qarama-qarshiligiga guvoh bo‘lamiz. Ikkinchi yarim final bahsida FIDE bayrog‘i ostida musobaqada qatnashayotgan Andrey Yesipenko xitoylik Vey Iga qarshi dona suradi.

2026 yilgi klassik shaxmat bo‘yicha jahon chempionatining nomzodlar bahsida qatnashuvchi 3 nafar ishtirokchi hamda jahon kubogining 3 ta yuqori o‘rnidan joy oladigan shaxmatchilarni aniqlash yo‘lidagi yarim final o‘yinlari dunyo ahlining diqqat-e’tiboridagi musobaqa ekani bilan ahamiyatli.

Biz uchun e’tiborli jihati, yarim finalda zafar quchgan hamyurtimiz jahon shaxmat tojiga da’vogarlar safiga qo‘shilishi qatorida, imkoniyatni boy bergan grossmeysterimizda 3-o‘rin va nomzodlar turnirida qatnashish huquqi saqlanib qoladi.  

Buning uchun yarim finalning Andrey Yesipenko- Vey I “dueli”da mag‘lubiyatga uchraydigan shaxmatchini hamyurtimiz 4-o‘rin bilan kifoyalantirishi lozim bo‘ladi.

Xo‘sh, bu vazifa qaysi shaxmatchimizning gardaniga tushadi?

Albatta, mazkur masalani kim hal etishi finalda va 3-o‘rin uchun kurashda hamyurtlarimiz qaysi raqiblari bilan to‘qnash kelishiga bog‘liq.

Nima bo‘lganda ham 2025 yil davomida jahon kubogining final bosqich musobaqalarida ishtirok etish uchun dunyo miqyosida minglab shaxmatchilar kurash olib borgan vaziyatda asosiy bahslarda 206 nafar shaxmatchi qatorida 5 nafar o‘zbekistonlik “aql gimnastikasi” sohiblari – Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va  Muhammadzohid Suyarov ishtirok etish huquqiga ega chiqqani o‘zbek shaxmatining salohiyatini namoyon etdi.

Jahon shaxmat ishqibozlari nigohini o‘ziga qaratayotgan kubok musobaqalarining yarim final o‘yinlari qiziqarli, shiddatli kechishi tayin.

Shunday vaziyatda final va 3-o‘rin uchun kechadigan musobaqalarda Nodirbek Yoqubboyev yoki Javohir Sindorov Andrey Yesipenko - Vey I qarama-qarshiligidagi qaysi biri bilan duch kelishi foydali va samarali bo‘ladi?

Shu xususda, shuningdek, mamlakatimiz shaxmatida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, shaxmatchi qizlarimizning Ispaniyada davom etayotgan jahon chempionatidagi natijalari, kelgusi yil yurtimizda o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik kabi masalalar borasida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi musobaqalarni tashkil etish menejeri, mohir murabbiy, shaxmat bilimdoni Baxtiyor Jumayev bilan suhbatlashdik.

Suhbatni quyidagi havola orqali ko‘rishingiz mumkin.

<iframe width="1312" height="738" src="https://www.youtube.com/embed/6aWHlh4oj-k" title="Jahon kubogi yarim finali: Sindorov-Yoqubboyev kurashida kim kuchli?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

 

To‘lqin Ro‘ziyev,  

Yoqubjon Meliboyev,  

Anvarxo‘ja Ahmedov (video),

O‘zA