Jahon kubogi: Sindorov – Vey I, Yoqubboyev – Yesipenko kurashi dunyo e’tiborida
Bugun, 24 noyabrda Hindistonning Goa shahrida jahon kubogining final va 3-o‘rin uchun kechadigan musobaqaning dastlabki tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Kecha yakunlangan 1/2 finalning tay-brek bahslarida Nodirbek Yoqubboyevni 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etgan Javohir Sindorov va FIDE bayrog‘i ostida musobaqada qatnashayotgan rossiyalik Andrey Yesipenkoni 1,5:0,5 hisobida yenggan xitoylik Vey I finalning ilk o‘yinida kuch sinashadi.

Shuningdek, Yoqubboyev – Yesipenko 3-o‘rin hamda 2026 yili jahon shaxmat toji yo‘lidagi da’vogarlar turnirining so‘nggi yo‘llanmasi uchun dastlabki uchrashuvda to‘qnash keladi.

Eslatib o‘tamiz, umumiy mukofot jamg‘armasi 2 million AQSH dollaridan iborat jahon kubogining final va 3-o‘rin musobaqalari 26 noyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA