Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon kubogi: Sindorov tay-brekda, Yoqubboyev 4-o‘rinni egalladi
21:10 / 2025-11-25

Hindistonning Goa shahrida shaxmat bo‘yicha jahon kubogining final va 3-o‘rin uchun o‘tkazilgan ikkita partiyadan iborat hal qiluvchi o‘yinlari yakunlandi.

Finalda kurash olib borayotgan hamyurtimiz Javohir Sindorov 2-turda qora donalarda harakatlanishiga qaramasdan ilk turdagidek xitoylik Vey I bilan yana durangga erishdi. Tomonlar 30-yurish holatida murosa yo‘lini tanlashdi.

Endi jahon kubogi kimga nasib etishi masalasiga ertaga, 26 noyabr kuni o‘tadigan tay-brek bahslari oydinlik kiritadi.

Nodirbek Yoqubboyev va Andrey Yesipenko o‘rtasida 3-o‘rin hamda nomzodlar turnirining yagona yo‘llanmasi uchun kechgan murakkab bahsda hamyurtimiz raqibiga yo‘l berdi va jahon kubogining 4-pog‘onasidan joy oldi.

Nufuzli musobaqa davomida kuchlilarga qarshi murosasiz kurashlarda o‘z iste’dodini va salohiyatini namoyish etgan shaxmatchimiz N.Yoqubboyev jahon kubogida to‘rtinchi o‘rinni egallashi ortidan 50 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston shaxmat maktabi yoshlarining iqtidorini namoyish etgan Nodirbek bahslar davomida yuksak darajadagi o‘yin, sovuqqonlik va haqiqiy chempionlarga xos ruhiyatni namoyon qilgani bilan dunyo shaxmat ishqibozlari va mutaxassislarining e’tirofiga, mehriga sazovor bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, ertaga o‘tadigan final musobaqasining tay-brek o‘yinlarida muvaffaqiyatga erishgan shaxmatchi jahon kubogi bilan bir qatorda 120 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA