Ushbu ta’lim muassasasida ochilgan “prodyuserlik” va “dramaturgiya” ta’lim yo‘nalishlari nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda ham yo‘q edi.
2021 yil 1 oktyabrda Toshkent shahridagi «S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti» federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filiali ochilgan edi.
- Bu filialning O‘zbekistonda faoliyat yuritishiga qanday ehtiyoj bor edi?
- O‘zbek kino sanoatiga qanday ta’sir o‘tkaza oladi?
- Mazkur dargohda ta’lim berish jarayonlari qanday shaklda yo‘lga qo‘yilgan, kimlar o‘qishi mumkin?
Shu va yana sohaga oid boshqa savollar bilan O‘zA muxbiri Toshkent shahridagi «S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti» filiali direktori Eldor YO‘LDOSHEV bilan suhbat uyushtirdi.
— Mazkur ta’lim dargohi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 avgustdagi "Toshkent shahrida «S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti» federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori va Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirligining 2021 yil 14 sentyabrdagi 1511-son buyrug‘i asosida poytaxtimizda mazkur institutning filiali tashkil etildi, – dedi E.Yo‘ldoshev. – Bu yil filialning ikkinchi o‘quv yili. Bir yil ichida 5 ta yo‘nalish ochilgan. Mazkur ta’lim dargohida 2021–2022 o‘quv yilidan boshlab “prodyuserlik” hamda “dramaturgiya” ta’lim yo‘nalishlariga talabalar qabul qilingan. Ularga mutaxassislik fanlaridan poytaxtimizda tavallud topgan va hozirda BDKIda faoliyat olib borayotgan O‘zbekiston xalq artisti, Rossiya Federasiyasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Elyor Ishmuhamedov, BDKI va Daneliya nomidagi VKSR professori, Rossiya Federasiyasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Odelsha Agishev singari sohaning yetuk mutaxassislari dars bermoqda.
Shuningdek, mutaxassislik va umumkasbiy fanlardan dars mashg‘ulotlariga respublikamizda samarali faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar ham jalb etilgan. Filial an’anaviy va masofaviy dars mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazish uchun yetarli moddiy-texnik baza bilan ta’minlangan. Rossiya Federatsiyasidan kelib dars mashg‘ulotlari olib borayotgan professor-o‘qituvchilar uchun ham yetarli shart-sharoitlar mavjud.
– O‘zingiz ta’kidlaganingizdek, filialda ochilgan yo‘nalishlar nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda ham bo‘lmagan. Shu ma’noda, muassasa o‘zbek kino sanoati uchun iqtidorli kadrlar tayyorlash imkoniyatini yarata oladimi?
– Shubhasiz, ha! Aynan shunday yaxshi imkoniyat bizda paydo bo‘lgani soha vakillarini cheksiz quvontirdi. Filial ochilgunga qadar “prodyuserlik” va “dramaturgiya” ta’lim yo‘nalishlari nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda ham yo‘q edi. Joriy yilning sentyabr oyida kinoshunoslik, kinotanqidchiligi va ekran san’ati ovoz rejissyorligi yo‘nalishlari ochiladi. Bu ham milliy kinematografiyamiz uchun yangi yo‘nalishlar hisoblanadi. Chunki bironta mahalliy oliygohlarimizda mazkur yo‘nalishlar ochilmagan.
Maqsad esa o‘zbek milliy kinosan’atini yangi bosqichga ko‘tarish va dunyo bilan hamnafas bo‘lishdir. Chunki bugungi kunda jahonda kinematografiya media sanoati kreativ iqtisodiyotning ajralmas bir qismi hisoblanadi. Kino orqali yangi ish o‘rinlarni, bozor talablari asosida yangi yo‘nalishlarni tashkil etishimiz lozim.
– Bilamizki, filialda dars jarayonlari rus tilida olib boriladi. Kelgusida o‘zbek tilida olib boriladigan guruhlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilganmi?
– bugungi kunda filialda 200 nafarga yaqin talaba bakalavr va oliy kurslarda ta’lim olmoqda. Ularga ta’lim rus tilida olib boriladi. Ayni paytda O‘zbekistonda Rossiyaning 15 ta xorijiy filiali faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularda ham ta’lim rus tilida tashkil etilgan.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/W9P4rfgAOrs" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Biroq biz keyingi o‘quv yilidan eksperiment tarzda bitta yo‘nalish bo‘yicha o‘zbek guruhini alohida ochmoqchimiz. Buning sababi esa talabgorlarning qiziqishi kattaligi bilan bog‘liq. Kirish imtihonlaridan biri bu – insho. Oddiy holki, ko‘pchilik bu imtihondan o‘tmayapti. Shu sababli, biz Moskvadagi rektorat va Kinematografiya agentligi bilan muzokaralarni olib borib, amaliy natijaga erishdik.
Shuni quvonch bilan aytamanki, 2023–2024 o‘quv yilida filialimizda o‘zbek guruhi ochiladi.
– Talabalarni qabul qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilganmi?
– bugungi kunda filialimizda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Janubiy Koreya, AQSH, Rossiya davlatlaridan talabalar ta’lim olmoqda. Bundan tashqari, filialimiz xalqaro maydon hisoblanadi. Negaki, 2021–2022 o‘quv yilida fransiyalik kinorejissyor Lyuk Besson, angliyalik investor Martin Smit, polshalik kinorejissyor Kshishtof Zanussi, germaniyalik aktyor Mattias Xyuz, hind kinorejissyor Faruk Kabir, yaponiyalik aktrisa Minami, koreyalik prodyuser, IOVAsia direktori Mun Xyon Suk, angliyalik professor, Ijodiy va madaniy tadbirkorlik instituti direktori Djerald Lidstoun, Tojikiston xalq artisti Muhammad-Ali Mahmadov kabi yetuk soha vakillari ishtirokida 70 ga yaqin turli mavzularda ma’ruzalar va mahorat-darslari, ijodiy uchrashuvlar tashkil qilindi.
Talabalar qaysidir yo‘nalish bo‘yicha to‘rt yil yoki qaysidir yo‘nalish bo‘yicha besh yil tahsil oladi. Bakalavr bosqichini tugatgan talabalar uchun magistraturada o‘qishni davom ettirish mumkin. Besh yillikni tugatgan talabalar esa magistraturada o‘qishi shart emas. Bundan tashqari, ikki yillik oliy kurslarimiz bor.
– Aytingchi, talabalar ta’limni BDKIning o‘zida davom ettirishi mumkinmi?
– Shu o‘rinda aytish kerakki, The Hollywood Reporter va Variety ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu oliy muassasa dunyodagi eng yaxshi kino maktablarining TOP-15 taligiga kiradi. BDKIdan beriladigan diplom dunyo bo‘yicha eng yaxshi diplomlardan biri hisoblanadi.
Talabalar uchun qo‘shimcha amaliy o‘quv kurslari, safarlar juda ko‘p. Joriy o‘quv yilida, ya’ni noyabr va may oylarida talabalarimiz “Mosfilm” kinokonserni, Maksim Gorkiy nomidagi bolalar va yoshlar markaziy kinostudiyasi, BDKIda va teatrlarida bo‘lib, amaliy mashg‘ulotlarda qatnashadi.
Bu yildan boshlab birinchi bosqich talabalari Turkiyaga rejissyorlik yo‘nalishi bo‘yicha borib keldi. Shaxsan Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Ersoy tomonidan faol talabalarimizga mukofotlar berildi.
Kelgusi o‘quv yilidan boshlab BDKIning Toshkentdagi filialida Netflix shirkati shafeligida faoliyat yurituvchi xalqaro ssenariynavislar va soha mutaxassislarini birlashtiradigan Netflix Series Script 14 haftalik o‘quv boshlanadi.
2022 yilda filialda tahsil olayotgan bir qancha iqtidorli talabalar xalqaro festivallarda qatnashib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.
Shuningdek, “Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivalining “Kino besh kun” loyihasida 18 davlat ishtirokchilari o‘rtasida BDKI talabasi Temur Murodov Gran-pri sovrinini qo‘lga kiritib, 15 ming dollar mukofot bilan taqdirlandi.
– Yaqinda siz xizmat safari bilan Qozog‘istonda bo‘ldingiz. Safardan kutilgan natijalar qanday bo‘ldi? Mahalliy oliygohlar o‘rtasidagi hamkorliklar qanday yo‘lga qo‘yilyapti?
– Safar chog‘ida imzolangan shartnoma filialning birinchi hamkorligi emas. Bir nechta hujjatlar imzolangan. Birinchisi Istambul film akademiyasi bilan bo‘lgan. Turkiyalik hamkorlarimiz bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Buning natijasida bolalarimizni noyabr oyida Turkiyaga jo‘natdik.
Turan universiteti esa Qozog‘istondagi yirik oliygohlardan biri. Ushbu universitet huzurida kinematografiya oliy maktabi mavjud va rejalarimiz bo‘yicha ushbu maktab bilan bir nechta loyihalari bor. Bu hujjatli va qisqa metrajli filmlar, ilmiy va o‘quv rejalar borasida forum va ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkaziladi.
Joriy o‘quv yilida Nyu-York kino akademiyasi bilan memorandum imzolash rejalashtirilgan. Mazkur akademiya birgalikda 2021 yilda ijodiy davra suhbatini o‘tkazdik, hamkorlik shundan boshlandi. Keyingi yilda esa 1 nafar talabamizni Nyu-York kino akademiyasiga o‘quv amaliyotiga yuboramiz.
Mamlakatimizdagi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi va uning huzurida Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bilan mustahkam aloqalarimiz ham amaliy natijalarga boy bo‘layotir.
– Kino san’ati rivojida investitsiya loyihalarining o‘rni qanday?
– bugungi kunda investitsiyalar bo‘yicha bir nechta yutuqlarimiz bor. Kinematografiya agentligi jalb qilgan mablag‘ga eng zamonaviy kinokamera olindi. Endi bunday kamera Markaziy Osiyo bo‘yicha faqat filialda mavjuddir.
Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2021 yilda 8 ta xususiy kinoteatr qurildi. Ushbu maqsad uchun 10 million dollar miqdorida xususiy investitsiyalar jalb qilindi. Bu 2020 yilga nisbatan 7 barobarga o‘sish demakdir.
Shuningdek, davlat tomonidan juda ko‘p imtiyozlar berildi. Ya’ni, soha rivoji uchun uskunalarni xorijdan olib kirishda imtiyoz berilgan. Bu bojxona va transport bilan bog‘liq.
Bundan tashqari, 65 ta badiiy va 85 ta multifikatsion film O‘zbekistonga qaytarildi. Ular orasida “Alisher Navoiy”, “Tohir va Zuhro”, “Toshkent – non shahri”, “Mahallada duv-duv gap” kabi o‘zbek kinosining durdonalari bor. Mana shularga ham xususiy investitsiyalar orqali erishildi.
O‘tgan yili Kinematografiya agentligi 10 ta film va 15 ta qisqa metrajli filmni yaratishga qo‘shimcha mablag‘ ajratdi. 2023 yilda agentlik tomonidan 5 milliard so‘m mablag‘ ajratilmoqda. Bu mablag‘ evaziga 2 ta badiiy, 10 ta hujjatli va 15 ta qisqa metrajli film yaratiladi. Menimcha, talabalar uchun yaratilayotgan bunday imkoniyatlar ularning ijodkorligini oshirishga va yaxshi asarlar yaratishga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri
Nasiba ZIYODULLAEVA
suhbatlashdi, Doniyor YOQUBOV videosi.