French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon hukumatlari sammiti: Dubay geosiyosat markazida
22:19 / 2026-02-05

Birlashgan Arab Amirliklari Dubay shahrida bo‘lib o‘tayotgan Jahon hukumatlari sammitida 150 dan ortiq davlatdan delegatsiyalar, jumladan davlat rahbarlari, vazirlar va siyosatchilar boshqaruv tizimini yangilash, iqtisodiy barqarorlik va global xavfsizlik masalalarini muhokama qilmoqda.

Tadbir davomida asosiy urg‘u amaliy islohotlarga qaratilmoqda. Masalan, amaldagi davlat boshqaruvi uslublarini bugungi tezkor texnologik davrga, geosiyosiy o‘zgarishlarga moslashtirish zarurligi ta’kidlanmoqda. Xususan, BAA Vazirlar Mahkamasi ishlari vaziri Muhammad Al-Gergaviy hukumatlar “kechagi emas, ertangi inson” uchun ishlashi kerakligini qayd etdi.

Anjumanning birinchi kunida sun’iy intellekt mavzusi e’tibor markaziga chiqdi. Rasmiylar texnologiyani shunchaki joriy etish emas, balki boshqarish, nazorat qilish orqali jamiyatda taraqqiyotga ishonchni mustahkamlash muhimligiga urg‘u berishdi.

Iqtisodiy yo‘nalishda qarz yuki oshishi, notekis o‘sish va byudjet cheklovi asosiy xavf sifatida ko‘rsatildi. Bugungi kunda qabul qilingan noo‘rin qaror juda tez, og‘ir oqibatga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi. Hukumatlar tezkor, natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv tizimiga o‘tishi lozimligi qayd etildi.

Kun yakunida geosiyosiy taranglik mavzusi ko‘tarildi. Yaqin Sharqdagi vaziyat va Eron – AQSH munosabatida diplomatik muloqotga ehtiyoj kuchliligi aytildi. Uzoq muddatli siyosiy kelishuvlar mintaqa barqarorligi uchun yagona yo‘l ekani ta’kidlandi.

Umuman, sammitning ilk kuni hukumatlar oldida turgan muammolar murakkab va ko‘p qirrali ekanini namoyon qildi. Shu bilan birga tezkor yechimdan ko‘ra, puxta o‘ylangan tizimli yondashuv ko‘proq foyda keltirishi bir ovozdan ma’qullandi.

Musulmon Ziyo, O‘zA