Tan olish kerak, bugun jahon miqyosida hamkorlik mexanizmiga asoslangan yirik tuzilmalar faoliyati sezilarli darajada sustlashgan.
Savdo, moliya, texnologiya kabi muhim sohalarda mamlakatlar o‘z manfaatiga xizmat qiladigan kichik ittifoqlarni afzal ko‘ra boshladi. Jahon iqtisodiy forumi (WEF) e’lon qilgan Global hamkorlik barometri ayni o‘zgarishni ifodalaydigan manzarani namoyon etgan.
Mazkur hisobotda aytilishicha, ayni payt Multilateralizm, ya’ni ko‘plab davlatlar ishtirokidagi umumiy kelishuvga asoslangan hamkorlik uslubi bosim ostida. BMT doirasidagi an’anaviy mexanizmlar ziddiyat, ishonchsizlik va geosiyosiy raqobat sabab sustlashmoqda. To‘g‘ri, global hamkorlik butunlay izdan chiqqani yo‘q, faqat shunchaki shaklini o‘zgartirmoqda. Endi ittifoqchilik ko‘proq kichik, muayyan manfaatga asoslangan guruhlar doirasida yo‘lga qo‘yilyapti.

Bu holat ayniqsa savdoda yaqqol ko‘rinadi. Davlatlar global savdodan ham voz kechmagan holda, tovar oqimini siyosiy jihatdan ishonchli sheriklar tomon yo‘naltirmoqda. Geosiyosiy masofa, ya’ni hamkorlar o‘rtasidagi siyosiy farq so‘nggi yillarda kamaydi. Demak, savdo tarmog‘i “ma’lum bir ittifoq ichida” qayta taqsimlanayotgandek. Natijada rivojlanayotgan davlatlar va Xitoy eksport ulushini oshirdi, rivojlangan davlatlar esa strategik sohalarni himoyalashga o‘tdi.
2025 yil joriy etilgan yangi bojlar savdoni to‘xtatib qo‘ymadi, balki jarayonni qayta shakllantirdi. Savdo hajmi o‘sishda davom etdi, faqat yo‘nalishlar tez-tez o‘zgardi. Kapital va xizmat oqimi ham saqlanib qoldi. Ayniqsa sun’iy intellekt, yarim o‘tkazgich, batareya va boshqa muhim xom ashyo mahsulotlari singari “kelajakni belgilovchi” sohalarga ko‘proq investitsiya kiritila boshladi. Bu “samaradorlikka asoslangan globallashuv”dan “barqarorlikka asoslangan taraqqiyot”ga o‘tish jarayonini anglatadi.
Baribir, hamkorlikning an’anaviy ko‘rsatkichlari pasaymoqda. Xususan, rivojlantirish yordami keskin qisqardi. Rasmiy taraqqiyot ko‘magi (ODA — kuchli davlatlarning rivojlanmagan mamlakatlarga ko‘rsatadigan moliyaviy ko‘magi) so‘nggi yillarda sezilarli kamaydi. Migratsiya ham sekinlashmoqda: ayni ko‘rsatkich AQSH va Germaniya kabi asosiy yo‘nalishlarda keskin pasaydi.
Eng xavotirli holat tinchlik va xavfsizlik borasida kuzatilyapti. BMT Xavfsizlik Kengashi qarorlari kamaydi, tinchlikparvar missiyalar qisqardi, harbiy va moliyaviy resurslar yetishmayapti. Endi BMT yirik harbiy amaliyotdan ko‘ra, ko‘proq diplomatiya vositasi va mintaqaviy mexanizmlarga tayanmoqda. Bu mojarolar ko‘payib borayotgan bir payt, global tizim zaiflashayotganidan darak beradi.
Beqarorlik biznesga ham bevosita ta’sir etyapti. Sug‘urta, logistika, investitsiya va kadrlar harakati xavf ostida. Shu bois hukumatlar mudofaa sarfini oshirmoqda. NATO davlatlari bu borada belgilangan me’yorga chiqib oldi. Kelajakda harbiy xarajat yanada ortishi kutilyapti.
Xulosa shuki, dunyo endi yagona tizim asosida ishlamayapti. Global hamkorlik yo‘qolmasa-da, bo‘laklarga ajralib qayta qurila boshladi. Mayda bitimlar, chegaralangan ittifoqlar savdo va investitsiyani saqlab qolishi mumkin, ammo global inqirozning oldini olish uchun zarur keng ko‘lamli hamkorlikni ta’minlashga ojiz. Asosiy xavf ham aynan shunda.
Musulmon Ziyo, O‘zA