Jahon fizikasining dolzarb masalalari muhokama qilinadi
Poytaxtimizda 10-11-noyabrda «Fundamental va amaliy fizika rivojining yangi tendensiyalari: muammolar, yutuqlar, istiqbollar» mavzuida xalqaro simpozium bo‘lib o‘tadi
Poytaxtimizda 10-11-noyabrda «Fundamental va amaliy fizika rivojining yangi tendensiyalari: muammolar, yutuqlar, istiqbollar» mavzuida xalqaro simpozium bo‘lib o‘tadiDunyo olimlari bot-bot ta’kidlaganidek, o‘rta asrlardagi Sharq Uyg‘onish davrining o‘ziga xos xususiyati, avvalo, matematika, astronomiya, fizika kabi aniq fanlarning rivojlanishida namoyon bo‘ladi. Xivadagi Ma’mun akademiyasi va «Baytulhikma» («Donishmandlik uyi») nomi bilan shuhrat qozongan Bag‘dod akademiyasi eslanganda, haqli ravishda buyuk ajdodlarimiz faoliyati tilga olinadi. Deylik, «Baytulhikma» akademiyasida Yer meridiani gradusining uzunligini aniqlash ishlariga rahbarlik qilgan Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy o‘nlik pozitsion hisoblash tizimini, nol belgisi va qutblar koordinatalarini birinchilardan bo‘lib asoslab bergan, amaliyotga tatbiq etgan. Bu nafaqat matematika, balki astronomiya rivojida keskin burilish yasagan. Dunyo ilmida zamonaviy kibernetikaning fundamental tushunchasi – «algoritm» Al-Xorazmiy nomiga nisbat berilishi ham bejiz emas. Yoki Ahmad Farg‘oniy IX asrda yozgan “Astronomiya asoslari” fundamental asarida olamning tuzilishi, Yerning o‘lchovi haqidagi dastlabki ma’lumotlar, sayyoramizning sharsimon ko‘rinishga ega ekani xususidagi dalillar mavjud. Mazkur kitob XVII asrga qadar Yevropa universitetlarida astronomiya bo‘yicha asosiy darslik sifatida o‘qitib kelingan. Beruniy dunyo ilm-fanida birinchilardan bo‘lib Yer radiusini hisoblab chiqqan, vakuum, ya’ni bo‘shliq holatini izohlab bergan. Mirzo Ulug‘bekning XV asrda tuzgan astronomiya jadvalida 1018 yulduzning holati va joylashuvi bayon qilingan. Bu asar astronomik o‘lchovlar bo‘yicha yaratilgan birinchi yangi katalog edi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining fizika fakulteti 1959-yil mexanika-matematika fakulteti tarkibidan ajralib chiqib, alohida fakultet sifatida faoliyat ko‘rsatishni boshlagan.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ilm-fanning barcha yo‘nalishi kabi fizika va astronomiya sohasidagi olimlarimiz uchun ham rivojlangan mamlakatlar tadqiqotchilari bilan hamkorlikni mustahkamlash, zamonaviy tadqiqotlarni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar ochildi. Shu davrda kosmik nurlar, yadro fizikasi, materialshunoslik, akustika, optika va spektroskopiya, lazer termokimyosi, nazariy fizika, mikroelektronika, astronomiya va astrofizika kabi fan yo‘nalishlari bo‘yicha keng ko‘lamli ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilib, jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ilmiy maktablar yaratildi.
Buning natijasida 2007-yil oktabrda mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor Maydanak rasadxonasida quyosh tizimidagi yangi kichik planeta aniqlandi. Garvard kichik planetalar markazi uni 2009-yilda 21027-raqam bilan rasmiylashtirdi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning taklifi bilan 2010-yilda bu kichik sayyoraga «Samarqand» nomi berildi. Yoki O‘zbekiston fiziklari yangi usullar asosida dunyoda birinchi marta yig‘ilgan quyosh energiyasini qo‘llab, mustahkam o‘ta o‘tkazuvchan Kelvin graduslari bo‘yicha 110-150 haroratda o‘ta o‘tkazuvchanlik holatiga o‘tadigan materiallarni oldi. 2007-yili olimlarimiz qattiq qorishmalar asosidagi istiqbolli yarim o‘tkazgichlarni kashf qildi hamda mamlakatimizda ilk bor polikristalli kremniy olish bo‘yicha takomillashtirilgan zamonaviy texnologiya yaratildi.
Mamlakatimizda an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida har yili fizik olimlarimizning innovatsion loyihalari keng namoyish etilib, ishlab chiqarishga tatbiq etilmoqda. Bu yilgi yarmarkada ham fizik olimlarning ishlanmalari ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Jumladan, O‘zFA “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi olimlari ishlab chiqqan qo‘p tarmoqli termoelektrik generator issiqlik energiyasini (o‘tinli pech, bug‘ energiyasi, gaz-dizel yoqilg‘isi, issiqlik ajratadigan turli ish qurilmalari, quyosh issiqlik energiyasi) to‘g‘ridan-to‘g‘ri va uzluksiz elektr energiyasiga aylantirib beradi. Uni avtomobil, mobil telefon, videokamera, noutbuk, qo‘riqlash tizimlari va yong‘in signalizatsiyalarida, televizor, komputer, audiotexnika va boshqa qurilmalarni quvvatlantirishda qo‘llash mumkin. O‘zFA Fizika-texnika instituti olimlari ishlab chiqqan yuqori haroratli tejamkor kamera materiallarga yuqori haroratli ishlov berishga mo‘ljallangan. Qurilma stomatologiya, farmatsevtika, zargarlik va shu kabi yuqori harorat (1200 darajadagi issiqlik) talab qilinadigan sohalarda qo‘llaniladi. Shu paytgacha bunday pechlar va ularning qizdirgichlari xorijdan valyutaga sotib olib kelingan bo‘lsa, bugun bunday yuqori haroratli tejamkor kameralarni yurtimizda ishlab chiqarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2016-yil 11-maydagi «O‘zbekiston Milliy universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan O‘zFA Yadro fizikasi instituti va O‘zMU qoshidagi Amaliy fizika ilmiy-tadqiqot instituti tugatilib, Milliy universitetning fizika fakultetiga birlashtirildi. Ular negizida fakultet qoshida 6 ilmiy laboratoriya tashkil etildi. Bu bilan fizika sohasidagi ilmiy salohiyat birlashtirilib, ilmiy fikr almashuvlar va hamkorlikka keng imkoniyat yaratildi.
– Hozir fakultetimizda 58 professor-o‘qituvchi (3 akademik, 15 professor, 35 fan nomzodi) astronomiya va atmosfera, yarimo‘tkazgichlar va polimerlar fizikasi, fotonika, umumiy fizika, nazariy fizika, materialshunoslik fizikasi, quyi energiyalar fizikasi, kondensirlangan holat fizikasi, biotibbiyot fizikasi kafedralarida faoliyat yuritib, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlamoqda, – deydi O‘zMU fizika fakulteti dekani Hojiakbar Daliyev. – Mustaqillik yillarida fakultetimizda 400 dan ortiq o‘quv adabiyotlari, 50 ga yaqin yangi laboratoriya ishlari yaratilib, o‘quv jarayoniga tatbiq etildi, 21 fan doktori va 60 dan ortiq fan nomzodi tayyorlandi. Ayni paytda 30 dan ziyod xalqaro va mamlakat miqyosidagi grant, ilmiy mavzu va xo‘jalik shartnomalari bajarilmoqda. Fakultet bitiruvchilaridan 25 nafari akademik, 150 dan ortig‘i fan doktori, professor ilmiy darajalariga erishgan.
Bugun fakultet jamoasi Rossiya Fanlar akademiyasining Fizika instituti, Moskva Davlat universiteti, Sankt-Peterburg optika va mexanika universiteti, Kiyev Milliy universiteti, Xarkov fizika instituti, Janubiy Koreyaning Pusan, Chunxay Milliy universitetlari, Germaniyaning Potsdam universiteti, Belgrad Astronomiya observatoriyasi va Radioastronomiya instituti (Serbiya), Xitoyning Fizika va ximiya instituti kabi jahonda yetakchi oliy o‘quv yurtlari olimlari bilan o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot sohalarida hamkorlik qilmoqda. Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida fakultet olimlarining 50 dan ortiq innovatsion g‘oya, texnologiya va ishlanmalari namoyish etildi. Xususan, 2016-yilda o‘tkazilgan yarmarkada fakultet olimlari 3 sertifikatni rasmiylashtirib, 300 million so‘mlik xo‘jalik shartnomalari imzoladi. Ishlanmalar mamlakatimizning tibbiyot, qishloq xo‘jaligi hamda ishlab chiqarishdagi qator sohalarga tatbiq etilmoqda.
Poytaxtimizda 10-11-noyabr kunlari «Fundamental va amaliy fizika rivojining yangi tendensiyalari: muammolar, yutuqlar, istiqbollar» mavzuida o‘tkaziladigan xalqaro simpozium bugun jahon fizikasidagi fundamental va amaliy masalalarni muhokama qilish bilan birga o‘zbek fizika maktabining salohiyatini xalqaro miqyosda yana bir bor keng namoyish etish imkonini beradi.
– Xalqaro simpoziumda to‘rt yo‘nalish – nazariy fizika va astrofizika, eksperimental fizika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va yangi materiallar borasidagi muammolar, yutuqlar va istiqboldagi yangi tendensiyalar muhokama etiladi, – deydi O‘zMUning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Ilyos Rahmatullayev. – Xalqaro anjumanda mamlakatimizdan tashqari Janubiy Koreya, Yaponiya, AQSh, Xitoy, Angliya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Belgiya, Ispaniya kabi 25 davlatdan 200 dan ziyod olim va tadqiqotchilar ishtirok etishi kutilmoqda.
Simpoziumda jahon fizikasidagi dolzarb fundamental va amaliy masalalar haqida ma’ruzalar tinglanadi, o‘zaro fikr almashiladi.