Samarqand shahrida shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempionati davom etmoqda.
Kecha umumiy mukofot jamg‘armasi bir million AQSH dollarini tashkil qiluvchi musobaqaning 5 ta tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen kechagi kun natijalariga ko‘ra 5 imkoniyatdan 4,5 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra peshqadamlik qilmoqda.
Hindistonlikar Arjun Ergaisi, Vidit Santosh, xitoylik Yu Yang Yi va bolgariyalik Ivan Cheparinov hisobida ham 4,5 tadan ochko bor. Bugun shaxmatning ushbu yo‘nalishida 4 ta uchrashuv bo‘lib o‘tadi. 6-turda Magnus Karlsen birinchi doskada qora donalarda Viditga qarshi bahs olib boradi. Ikkinchi doskada Arjun va Yu Yang Yi to‘qnash keladi.
Hamyurtlarimiz orasidan hozircha eng yaxshi natijaga Nodirbek Yoqubboyev ega bo‘lib turibdi. U 3,5 ochko bilan qo‘shimcha koeffitsiyentlarga ko‘ra 31-pog‘onadan joy olgan. Bugun Yoqubboyev 6-turni oq donalarda hindistonlik Nihal Saringa qarshi o‘tkazadi. Besh imkoniyatdan 3 ochko to‘plagan Nodirbek Abdusattorov 6-turda qora donalarda belgiyalik Daniel Darda bilan hisob-kitob qiladi.
[gallery-15229]
Bugun ayollar ham rapid yo‘nalishida 4 ta turda munosabatlariga oydinlik kiritib olishadi. Qizlarimiz orasida eng yaxshi natija qayd etib turgan Umida Omonova (2331) 5-turda qora donalarda FIDE bayrog‘i ostida o‘ynayotgan rossiyalik Anastasiya Bondaruk (2265) bilan to‘qnash keladi. Har ikki shaxmatchi 4 imkoniyatdan 3,5 tadan ochko jamg‘argan. Anastasiya qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra uchinchi, Umida esa beshinchi o‘rinni egallab turibdi.
Musobaqalar davom etmoqda.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA