O‘zbekiston sport tarixida yana bir shonli sahifa yozildi. Yaqinda Yaponiya poytaxti Tokio shahri mezbonlik qilgan shotokan karate-do bo‘yicha jahon chempionatida hamyurtlarimiz jahon arenasida yurtimiz sharafini munosib himoya qildi.
Bir hafta davomida dunyoning 30 dan ziyod davlatidan 600 ga yaqin mahoratli sportchilarni o‘ziga chorlagan kunchiqar o‘lkaning nufuzli arenalarida shiddatli va murosasiz janglar kechdi. Har bir mashg‘ulotda nafaqat jismoniy, balki ma’naviy va ruhiy tayyorgarlikka ham katta e’tibor qaratilib, bunda sportchilarimiz o‘z intizomi, ehtiromi va mehnatsevarligi bilan ajralib turdi.

Musobaqaning mas’uliyatli va hayajonli lahzalaridan biri – “1-dan” qora belbog‘ imtihonlari bo‘ldi. Bu sinov karate dunyosida mahoratning yangi bosqichiga ko‘tarilish ramzi hisoblanadi. Mamlakatimizning yetti nafari imtihonni muvaffaqiyatli topshirib, xalqaro sertifikatlar bilan taqdirlandi. Jahon chempionatida kutilganidek, 23 nafar sportchimiz chinakam fidoyilik va iroda namunasini ko‘rsatdi.
Umumiy hisobda 15 ta oltin, 9 ta kumush va 9 ta bronza, jami 33 ta medal qo‘lga kiritildi. Quvonarlisi shundaki, O‘zbekiston shotokan karate-do assotsiatsiyasi asoschisi va bosh murabbiyi Ho‘jamqul Ho‘jaqulov jahon shotokan karate-do federatsiyasining ijroiya qo‘mitasi tomonidan “8-dan” darajasiga loyiq ko‘rildi.

E’tirof etish joiz, jahon chempionatida Namangan viloyati shotokan karate-do assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, qora belbog‘ sohibi Ilhomjon Qosimov boshchiligida qatnashgan sharqona yakkakurash ustalari yurtimiz sport delegatsiyasining ajoyib yutuqlariga munosib hissa qo‘shdilar. Musobaqada barcha raqiblaridan ustun kelgan Namangan shaharlik Asadbek Karimov va Pop tumanidan Farruhbek Mavjudaliyev oltin medalni qo‘lga kiritib, jahon chempioni unvoniga sazovor bo‘ldi. Yana bir poplik sportchi qiz Nozligul Adhamova finalgacha yetib, kumush medali bilan taqdirlandi.
Shu tariqa, muzaffar sportchilarimiz jahon sahnasida faxr bilan g‘alaba bayrog‘ini Yaponiya osmonida baland ko‘tarib, Yangi O‘zbekiston nomi va sharafini yuksak pog‘onaga olib chiqdilar.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.