Ertaga, 29 sentyabr kuni Xitoyning Chengdu shahrida jamoalar o‘rtasidagi Jahon chempionati bahslari boshlanadi.
Bugun dunyoning yuzga yaqin mamlakat terma jamoalari qatnashayotgan mazkur jahon chempionatiga qur’a tashlash marosimi tashkil etildi.
O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizning o‘g‘il bolalar jamoasi Germaniya, Fransiya, Hindiston, Qozog‘iston jamoalari bilan 2-guruhdan joy olishdi.

Mamlakatimiz qizlar terma jamoasi esa Yaponiya, Vengriya, Polsha, Slovakiya jamoalari bilan bir guruhda kurashishi ma’lum bo‘ldi.
O‘g‘il bolalar jamoasi Abdulaziz Anorboyev, Shohrux Iskandarov, Zohid Kenjayev, Elmurod Xoliqovdan tashkil topgan bo‘lsa, qizlar jamoamiz Asel Erkebayeva, Rozalina Xodjayeva, Sug‘diyona Madaliyeva va Marhabo Magdiyevadan iborat.
Ikkala jamoamizning guruhdagi raqiblari kuchli, jahon chempionatida kuchsiz jamoaning o‘zi bo‘lmaydi. Eng kuchli terma jamoalar sanalgan Yaponiya, Germaniya va Fransiyalik raqiblarga qarshi harakatlanish kelajakda yurtimiz tennisining o‘sishiga va bevosita sportchilarimizning saviyasi ortishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.

— Qur’a biz uchun kutilmagan murakkabliklarni tuhfa etganligi bor gap. Ayniqsa, qizlar terma jamoamizning kuchli raqiblar bilan bir guruhdan joy olishi o‘yinlarning shiddatidan dalolat bermoqda. Bu — Jahon chempionati. Hech kimdan cho‘chiydigan joyimiz yo‘q. Hozirda astoydil tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Kuniga ikki mahal mashg‘ulot o‘tkazmoqdamiz. Sportchilarimiz bahslarga ham jismonan, ham ruhan tayyor. Maqsadlar belgilangan. Munosib va sifatli o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz, — deydi terma jamoa murabbiyi Anvar Karimov.
Aytish joiz, mazkur Jahon chempionatida o‘g‘il bolalar jamoalari 7 ta guruhga, ayollar jamoalari 6 ta guruhga bo‘lingan holda bahslashadi.

Chempionatning asosiy bahslariga jamoalar 30 sentyabrdan kirishishadi. Musobaqalar 2 bosqichda o‘tkaziladi. Guruh bosqichi aylana va keyin nokaut tizimi bo‘yicha tashkil etiladi. Jamoalarning uchrashuvlari 5 ta o‘yindan iborat bo‘lib, har bir individual o‘yin 5 setni tashkil etadi.
Erkaklar va ayollar o‘rtasidagi bellashuvlar natijasiga ko‘ra, 16 ta jamoa pley-offga yo‘l oladi.

Jahon birinchiligining qizlar va o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi final bahslari 8- 9 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
G‘olib jamoalar oltin medallar bilan "Swaythling" va "Marcel Corbillon" esdalik kuboklari, ikkinchi o‘rin sohiblari kumush medallar va mag‘lub yarim finalchilar bronza medallari bilan taqdirlanadi.
Eslatib o‘tamiz, ctol tennisi bo‘yicha o‘tadigan mazkur Jahon chempionati final o‘yini 120 tadan ortiq mamlakatlarning telekanallari orqali namoyish etiladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA