Xabar berganimizdek, Armaniston poytaxti Yerevan shahrida sambo bo‘yicha yoshlar, o‘smirlar va kichik yoshli o‘smirlar o‘rtasida yakunlangan Jahon chempionatida yurtimiz sportchilari 17 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Bugun, 18 oktyabr tunda Jahon chempionati bahslarida 3 ta oltin, 7 ta kumush va 7 ta bronzali bo‘lgan sport delegatsiyamiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi Alisher Alimov, sportchilarning yaqinlari, muxlislar ishtirokida tantanali kutib olindi.

Yerevandagi Jahon chempionati bahslarini boshqarib borishda o‘zbekistonlik hakamlar ham qatnashdi. Tajribali referi Islom Odilov Jahon chempionati bosh hakam o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, Ulug‘bek Rahmonov hamda Rustam Adilov bellashuvlarning adolatli o‘tishini ta’minlashda ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, 23 ta mamlakat sportchilari ishtirokida o‘tgan chempionatda O‘zbekiston terma jamoasi umum jamoada 3-o‘rinni egalladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA