Samarqand eshkak eshish kanalida 23 avgust kuni boshlangan baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati bugun yakunlandi.
Dunyoning 50 dan ortiq mamlakatidan 500 nafarga yaqin sportchi ishtirok etgan chempionat yurtimizda ilk bor o‘tkazilgani bilan tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Sportchilar uch kun davomida 200, 500, 1000 hamda 5000 metr masofalarda o‘zaro bellashdilar.
24 avgust kuni 1000 va 500 metr masofalardagi poygalarda S1 ayollar, S2 erkaklar va K2 dasturida erkaklar va ayollar juftligi g‘oliblari aniqlangan bo‘lsa, bugun chempionatning so‘nggi final bahslarida eshkak eshuvchilar 4 ta dastur bo‘yicha 5000 metr masofada o‘z imkoniyatlarini ko‘rsatdilar.
Musobaqalar natijasiga ko‘ra, Xalqaro kanoe federatsiyasi (ICF) bayrog‘i ostida harakat qilgan sportchilar umumjamoa hisobida birinchi bo‘ldi. Shuningdek, chempionat davomida Vengriya, Portugaliya, Xitoy, Germaniya, Ispaniya hamda Polsha mamlakatlari sportchilari shohsupaga ko‘tarildi.
Afsuski, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga medallar nasib etmadi. Kanoechimiz Nurislom To‘xtasin o‘g‘li shohsupaga ko‘tarilishga juda yaqin keldi. Biroq u yakunda marra chizig‘ini to‘rtinchi bo‘lib kesib o‘tdi.
Ayollar o‘rtasidagi poygada Dilnoza Rahmatova o‘ninchi natijani qayd etdi. Xuddi shu masofada baydarkachilar o‘rtasidagi bellashuvda Yaroslav Slavgorodskiy o‘n uchinchi ko‘rsatkichga ega bo‘ldi. Ayollar bahsida yana bir sportchimiz Shahrizoda Mavlonova finishga yetib kela olmadi.
Chempionat g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA muxbirlari