Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 18-25 sentyabr kunlari Rossiyada harbiylar o‘rtasida boks bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati o‘tkaziladi.
O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bugun boks bo‘yicha mamlakat terma jamoasi murabbiylar kengashi ushbu nufuzli musobaqada Vatanimiz sharafini himoya qiladigan tarkibni e’lon qildi.
Markaziy harbiy sport klubining boks bo‘yicha murabbiyi Uyg‘un Siddiqovning ma’lumotida keltirilishicha, Abdumajid Mannopov, Foziljon Abdumurodov, Samandar Xolmurodov, Shunqor Abdurasulov, Mujibillo Tursunov, Bilol Mirzarahimov, Nurislom Ismoilov, Shohrux Rustamov, Javohir Tog‘aymurodov va Laziz Mullajonov erkaklar o‘rtasidagi musobaqalarda g‘oliblik uchun jang olib borsa, ayollar o‘rtasidagi bahslarda Aziza Yoqubova, Sitora Turdibekova, Rayhona Qodirova, Navbahor Hamidova va Mavluda Mavlonova o‘z vaznlarida jahon chempionligi uchun Moskva ringlaridagi janglarda qatnashadi.
Jahon chempionati bahslarining hakamlari ro‘yxatida o‘zbekistonlik xalqaro toifadagi referilar Bekjon Yusupov va Qahramon Karimov qayd etilgan.
T. Ro‘ziyev, O‘zA