Xalqaro shaxmat federatsiyasi joriy yilning 11-15 iyun kunlari Buyuk Britaniya poytaxti Londonda jamoalar o‘rtasida rapid va blits bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga ro‘yxatga olish jarayoni yakunlanganini e’lon qildi.
O‘tgan yili avgust oyida Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida o‘tgan jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionatida 40 ta jamoa qatnashib, mamlakatimiz shaxmatchilaridan Nodirbek Abdusattorov “WR Chess Team” tarkibida, Tohir Vohidov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Jahongir Vohidov singari iste’dodli shaxmatchilarimiz “ROYAL CHESS” jamoasi safida dona surgandi.

Bu yilgi jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonlik yetakchi shaxmatchilar N.Abdusattorov, J.Sindorov, R.Qosimjonov, N.Yoqubboyev, G.Tohirjonova, N.Imomqo‘ziyeva, A.Hamdamova, Sh.Vohidov yagona jamoa –“Uzbekistan” tarkibida g‘oliblik uchun dona suradi.

Dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ishtirokidagi jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionatida Alireza Firudja, Maksim Vashe-Lagrav, Xikaru Nakamura,Uesli So, Yan-Kshishtof Duda shuningdek, ayollar o‘rtasida sobiq jahon chempionlari Xou Ifan va Aleksandra Kostenyukni jamlagan “WR Chess” jamoasi, Levon Aronyan, Lener Dominges Peres, Vladimir Kramnik va Petr Svidler, Vidit Gudjrati va Divya Deshmukx singari tajribali va mahoratlilardan iborat “Hexamind Chess Team” jamoasi kabi saralanganlar ro‘yxatdan o‘tgan. Bu chempionlik uchun kurash ko‘rinishidagi musobaqa bo‘lishi bilan birga alohida ishtirokchilar uchun belgilangan shaxmat taxtalarida medallarga ega bo‘lish imkonini taqdim etadi.

Musobaqa nizomiga muvofiq, 11-13 iyun kunlari jahon chempionatining rapid bahslari o‘tkaziladi. Undan so‘ng ikki bosqichli blits turniri bo‘lib o‘tadi. Ya’ni, 14 iyun kuni saralash, 15 iyunda saralangan 16 ta jamoa ishtirokidagi asosiy janglar tashkil etiladi.

Jahon chempionatining mukofot jamg‘armasi 500 ming yevrodan iborat bo‘lib, rapid yo‘nalishi uchun 310 ming, blits bahslari sovrindorlari uchun 190 ming yevro taqsimlanadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilgi jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionatida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov, sobiq jahon chempioni, norvegiyalik Magnus Karlsen, rossiyalik Yan Nepomnyashiy, polshalik Kshishtof Duda singari 9 nafar shaxmatchidan iborat “WR Chess Team” jamoasi g‘oliblikka erishgandi. Rapid yo‘nalishida Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Jahongir Vohidov singari iste’dodli shaxmatchilarni jamlagan “ROYAL CHESS” jamoasi 40 ta jamoa orasida 7-o‘rinni egallagandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA