25 sentyabr kuni kechki payti Rossiya poytaxti Moskva shahrida boks bo‘yicha harbiylar o‘rtasidagi 58-jahon chempionati o‘z poyoniga yetdi.
Quvonchlisi, yetti kun davom etgan murosasiz janglarda o‘zbekistonlik bokschilar matonat ko‘rsatishib, harbiylar o‘rtasidagi jahon chempionatida 7 ta medalni qo‘lga kiritdi: 3 tadan oltin va bronza, 1ta kumush.
18-25 sentyabr kunlari o‘tkazilgan jahon chempionatida terma jamoamiz a’zolaridan 75 kg. vaznda Mavluda Mavlonova belaruslik raqibasi Viktoriya Kebikovani katta ustunlik evaziga yengib, birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, 60 kg.da Shunqor Abdurasulov finalda rossiyalik Konstantin Opolskiyni mag‘lub etib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Xuddi shuningdek, +91 kg vaznli bokschimiz Lazizbek Mullajonov finalda yana bir rossiyalik Svetoslav Teteringa qarshi jang o‘tkazib, oltin medalga musharraf bo‘ldi.
Vakillarimizdan 64 kg.da Mujibillo Tursunov(64) kumush medali, Aziza Yoqubova(51), Rayhona Qodirova(60) va Navbahor Hamidova(69) bronza medallariga sazovor bo‘lishdi.
Chempionat mobaynida Moskva shahrida ta’lim olayotgan, mehnat qilayotgan minglab hamyurtlarimiz bokschilarimizni doimiy tarzda qo‘llab-quvvatlab turishdi. Ayniqsa, kechagi final bahslari jarayonida vatandoshlarimizning olqishlab turishi sportchilarimizga o‘zgacha ruhiyat bag‘ishladi. Bu esa, o‘z navbatida, 4 ta final jangining 3 tasi o‘zbekistonliklar foydasiga hal etilishiga olib keldi.
Jahon chempionatida dunyoning 36 mamlakatidan 231 nafar bokschi ishtirok etdi. Umumjamoa natijalariga ko‘ra, rossiyaliklar 7 ta oltin, 4 tadan kumush va bronza evaziga 1-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston va Qozog‘iston terma jamoalari bir xil sovrinlarga ega chiqishib, (3 ta oltin, 1ta kumush va 3 ta bronza), 2- va 3-o‘rinlardan joy oldi. Keyingi pog‘onalarga esa 1 tadan oltin medalni qo‘lga kiritgan Braziliya va Belarus davlatlari ko‘tarilishdi.
Chempionat jarayonida umumiy hisobda 216 ta jang o‘tkazildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA