Bugun, 30 dekabr kuni Qatar poytaxti Doha shahrida ayollar hamda erkaklar o‘rtasida rapid va blits yo‘nalishida FIDE jahon chempionatining so‘nggi kungi bahslari tashkil etiladi.
Kecha 70 dan ziyod davlatning 394 nafar shaxmatchisi ishtirok etayotgan jahon chempionatining blits yo‘nalishida dastlabki bahslar bo‘lib o‘tdi.
Dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ishtirokidagi ochiq musobaqalarda 1-13 tur o‘yinlari, ayollar guruhida esa 1-10 tur bahslari ortda qoldi.

Aynan ushbu turlardagi bahslar qaysi shaxmatchilar sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qila olishi mumkinligini ko‘rsatib bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Nufuzli chempionatda qatnashayotgan shaxmatchilarimizdan Nodirbek Abdusattorov 13 ta turda 9 ochko jamg‘arib, kuchli o‘nlikda harakatlanmoqda. Javohir Sindorov esa 8,5 ochko bilan 252 nafar qatnashchi orasida 25-pog‘onada bormoqda.
Blits musobaqalarida hindistonlik Arjun Erigaisi, fransiyalik Maksim Vashe-Lagrav, AQSH vakili Fabiano Karuana 10 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Ulardan keyingi pog‘onada borayotgan 6 nafar shaxmatchida 9,5, 11 nafarida 9 ochko mavjud.

Ko‘rinib turibdiki, kuchli yigirmatalikda harakatlanayotganlar blits bo‘yicha jahon chempionatining bosh sovriniga da’vogarlik qiladi.
Ayollar o‘rtasidagi musobaqalarda qatnashayotgan hamyurtimiz Umida Omonova blits bahslarida o‘zbek shaxmatchi qizlarining salohiyatini ko‘rsatdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Omonova kecha o‘tgan 10 ta turning 8 tasida g‘alabaga erishdi, 2 tasida imkoniyatni boy berdi va 8 ochko bilan 140 nafar ishtirokchi orasida 3-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Bugun kun davomida ochiq musobaqalarda 14-19-turlar, yarim final va final bahslari, ayollar guruhida 11-15-turlar hamda yarim final va final "janglari" orqali sovrindorlar nomiga aniqlik kiritiladi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA