English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon chempionati qatnashchilarining tashrifi boshlandi
12:55 / 2022-10-02

Yana to‘rt kundan so‘ng mamlakatimiz poytaxtida bo‘lib o‘tadigan dzyudo bo‘yicha 35-jahon chempionatida ishtirok etish uchun xorijiy terma jamoalar, rasmiy mehmonlarning yurtimizga kelishi boshlandi.

Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi vakillaridan tashkil topgan tashkiliy qo‘mita a’zolari jahon chempionatida qatnashish uchun kelayotgan terma jamoalar hamda faxriy mehmonlarni belgilangan reja asosida kutib olmoqda.


Kecha bir qator olimpiya o‘yinlari g‘oliblarini, jahon chempionlarini jamlagan Yaponiya terma jamoasi, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Kanada kabi mamlakat sport delegatsiyalari poytaxtimizdagi Islom Karimov xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Shuningdek, Yaponiya olimpiya qo‘mitasi rahbari, kunchiqar yurt dzyudo federatsiyasi prezidenti Yasuxiro Yamashita ham tarixiy jahon chempionatida faxriy mehmon sifatida qatnashish uchun Toshkentga yetib keldi.

Dzyudo vatani vakilini poytaxt aeroportida Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov va O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Komilov kutib oldi.

Mazkur Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan mamlakatimiz terma jamoasi a’zolari so‘nggi mashg‘ulotlarni Samarqandda o‘tashmoqda.
Kuni kecha Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan dzyudochilar, ularning murabbiylari bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida oldimizda turgan ushbu musobaqaning mas’uliyati haqida fikr bildirildi. Murabbiy va sportchilarning fikr-mulohazalari tinglandi. 35-jahon chempionati "Parij-2024" olimpiya o‘yinlariga reyting ochkolarini taqdim etishi bilan ahamiyatli ekanligi ta’kidlanib, har bir vazndagi kurashlarda munosib ishtirok etish muhimligi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6-13 oktyabr kunlari O‘zbekistonda ilk bor o‘tayotgan ushbu nufuzli musobaqada 88 ta mamlakatning 600 nafarga yaqin dzyudochilari jahon chempionligi uchun Toshkent tatamilarida bellashadi.



To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA