Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon chempionati O‘zbek shaxmatining yuksak tafakkurini namoyon etdi
18:25 / 2025-12-31

Qatar poytaxti Doha shahrida besh kun mobaynida dunyo shaxmat ishqiboz va muxlislariga bir olam zavq bag‘ishlagan ayollar hamda erkaklar o‘rtasida o‘tgan rapid va blits yo‘nalishidagi FIDE jahon chempionati tarixga aylandi.

Kecha yakunlangan jahon chempionatining blits musobaqalari Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Umida Omonova, Afro‘za Hamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova, Nodirbek Yoqubboyev, Muhiddin Madaminovlar timsolida O‘zbek shaxmatining xalqaro maydondagi imkoniyatlari ne chog‘li kengligini, uning rivojlanish dinamikasi yuksalish sari yuz tutganligini ko‘rsatdi.

Jahon chempionatining har bir bahsi final oldidan final darajasida o‘tgan bo‘lsa-da chempionlik uchun kechgan Magnus Karlsen-Nodirbek Abdusattorov “jangi” har jihatdan dramatik kechdi.

Ochiq chempionatning yarim finaligacha oraliqdagi murakkab yo‘lni bosib o‘tib yarim finalga yo‘l olgan hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov final chiptasi bekatida hindistonlik Arjun Erigaisi bilan ro‘baro‘ keldi.

Aytish lozim, Abdusattorov blits musobaqalarining 10 turida qora donalarda aynan Erigaisiga 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergandi. Ularning yarim finalda to‘qnash kelishi qaysidir ma’noda chempionatning revansh bahsi ko‘rinishini oldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bu safar o‘sha 10-turdagi vaziyat takrorlanmadi. Nodirbek qat’iyati va yuksak tafakkuri hisobiga raqibini 2,5–0,5 hisobida mag‘lub etdi va final bahsida qatnashish huquqiga ega chiqdi.

Ikkinchi finalchi AQSH vakili Fabiano Karuana va norvegiyalik Magnus Karlsen qarama-qarshiligidagi o‘yinda aniqlandi. Ushbu uchrashuvda 2,5–1,5 hisobida Yevropa vakili ustunlikka erishdi.

Final har jihatdan hayajonli va zavqli bo‘ldi. O‘zbekiston terma jamoasining birinchi raqamli shaxmatchisi Nodirbek Abdusattorov Magnusni yengishi ham mumkin edi. Biroq, birinchi o‘yindagi g‘alaba, ikkinchi o‘yindagi mag‘lubiyat va uchinchi o‘yindagi durang, oxir-oqibat to‘rtinchi o‘yindagi omadsizlik Karlsenga to‘qqizinchi bor blits yo‘nalishida jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritishiga olib keldi. O‘z navbatida hamyurtimiz Abdusattorov jahon chempionatining kumush medali bilan taqdirlandi. Bronza medallari esa Arjun Erigaisi va Fabiano Karuanaga nasib etdi.

Ayollar o‘rtasidagi musobaqalarda qozog‘istonlik Bibisora Assaubayeva ukrainalik Anna Muzychukni 2,5-1,5 hisobida mag‘lub etib, blits bo‘yicha uchinchi bor jahon chempionligiga erishdi va 2026 yilgi nomzodlar turniriga yo‘llanma oldi.

Jahon chempionida munosib ishtirok etgan iqtidorli shaxmatchimiz Javohir Sindorov 12,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 252 nafar qatnashchi orasida 14-o‘rinni egalladi.

Murosasiz blits bahslarida terma jamoamiz a’zolaridan Nodirbek Yoqubboyev 11, Muhammadzohid Suyarov va Jahongir Vohidov 10, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidov 9,5, Humoyun Bekmuratov  9, Islombek Sindorov 8 ochko jamg‘arish orqali reyting ko‘rsatkichlarini yaxshilashga muvaffaq bo‘lish asnosida katta tajriba tuplashdi.

Ayollar o‘rtasidagi blits musobaqasida eng yaxshi ko‘rsatkichga jahon chempionati kashfiyotiga aylangan Umida Omonova erishdi. Ketma-ket 6 ta partiyada raqiblarini dog‘da qoldirgan Omonova 140 nafar ishtirokchi orasida kuchli sakkiztalikdan joy oldi.

Shuningdek, Gulruhbegim Toxirjonova 8,5 ochko bilan 44, Afruza Hamdamova  8 ochko bilan 55, Madinabonu Xalilova 6,5 ochko bilan 95, Nilufar Yoqubboyeva  6,5 ochko bilan 103, Guldona Karimova 5,5 ochko bilan 123-pog‘onalarni band etganligi O‘zbek shaxmatchi qizlarining o‘ziga xos tarixiy natijasi bo‘ldi, deyish mumkin.

Umuman olganda, Qatarda poyoniga yetgan jahon chempionati Javohir Sindorov uchun 2026 yilgi nomzodlar musobaqasiga hozirlik vazifasini o‘tagan bo‘lsa terma jamoamizning qolgan a’zolariga kelgusi yili yurtimizda o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘lganligi bilan katta ahamiyat kasb etadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA