Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon chempionati: Futbolchilarimizni muhim o‘yin kutmoqda
09:59 / 2025-11-08

Qatar maydonlarida futbol bo‘yicha U17 yosh toifasida o‘tayotgan Jahon chempionatida "E", "F", "G" va "H" guruhlarida 2-tur o‘yinlari o‘tkazildi.

Mundialning "E" guruhida Misr va Venesuela terma jamoalari 1:1 hisobida durang o‘ynadi va 4 ochkodan jamg‘arib, 1-2 o‘rinlarni band etdi. Angliya termasi 8:1 hisobida Gaitini yengib, 3 ochko bilan uchinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.  

"F" guruhida Shveysariya hamda Janubiy Koreya o‘rtasidagi o‘yinda hisob ochilmadi. Natijada bu jamoalar 4 ochko to‘plagan holda peshqadamlikni davom ettiradigan bo‘ldi. Meksika esa 1:0 hisobida Kot-d’Ivuarni yengdi hamda ilk 3 ochkoga ega bo‘lib, jadvalning uchinchi o‘rniga chiqdi.

"G" guruhida Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) Germaniya bilan 1:1 o‘ynadi. Salvador va Kolumbiya termalari bahsi 0:0 hisobida yakunlandi.  

Shu tariqa, KXDR 4 ochko bilan guruhda karvonboshiga aylandi. Germaniya va Kolumbiya 2 ochkodan to‘plagan holda 2-3 o‘rinda qolgan bo‘lsa, Salvador hozircha ochkosiz 4-o‘rinda bormoqda.

Braziliya terma jamoasi "H" guruhidagi ikkinchi turda Indoneziyani 4:0 hisobida taslim etib, ochkolarini 6 taga yetkazdi. Zambiya esa 5:2 hisobida Gonduras ustidan zafar quchib, 6 ochko to‘plab gollar nisbatiga ko‘ra 2-pog‘onada qayt etildi. Ushbu uchrashuvlarda mag‘lub bo‘lgan terma jamoalar hisobida birorta ham ochko yo‘qligi sababli, 3-4 o‘rindan joy oldi.

Bugun, 8 noyabr kuni 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Jahon chempionati doirasida quyidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi:

17:30: Chexiya — Burkina-Faso, Uganda — Chili;

18:00: Mali — Avstriya;

18:30: Fransiya — Kanada;

19:45: AQSH — Tojikiston;

20:15: Paragvay — Panama;

20:45: Irlandiya — O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni — Yangi Zelandiya.

Ma’lumot o‘rnida:  "J" guruhidan joy olgan Irlandiya va O‘zbekiston U17 terma jamoalari bir xil - 3 ochkoga ega bo‘lib, gollar nisbatiga ko‘ra, 1-2 o‘rinda bormoqda. Mazkur uchrashuv g‘olibi 6 ochkoga ega bo‘lib mundialning navbatdagi bosqichiga yo‘l oladi.  

Sababi, Paragvay va Panama terma jamoalari ilk turdagi mag‘lubiyat evaziga ochkosiz qolgan bo‘lib, bugungi o‘yinda ulardan biri g‘olib bo‘lsa ham guruh peshqadamlaridan o‘zaro o‘yin natijasiga ko‘ra ortda qoladi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA