Kyurasao davlati mustamlakalikdan ajralib chiqqanidan so‘ng 2011-yildan boshlab, alohida davlat sifatida o‘yinlarda ishtirok etishni boshlagan.
AQSH, Meksika va Kanadada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionati startiga ham oz fursat qolmoqda. Turnirning "E" guruhidan Germaniya, Ekvador, Kot-d’Ivuar hamda debyutant Kyurasao milliy terma jamoalari joy olgan.

Kyurasao terma jamoasi tarixi
Kyurasao davlati mustamlakalikdan ajralib chiqqanidan so‘ng 2011-yildan boshlab, alohida davlat sifatida o‘yinlarda ishtirok etishni boshlagan. Jamoa o‘zining ilk rasmiy uchrashuvini 2011-yilda Dominikan Respublikasi terma jamoasiga qarshi o‘tkazgan va minimal hisobda mag‘lub bo‘lgan. Eng yirik g‘alabasini esa 2018-yilda Grenada terma jamoasiga qarshi kechgan bahsda qo‘lga kiritgan. Ushbu uchrashuv Kyurasaoning 10:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan. Eng yirik mag‘lubiyati esa 2023-yilda Argentinadan qabul qilib olingan. Messi yetakchiligidagi Argentina o‘sha oqshom raqiblari darvozasiga javobsiz 7ta gol urishgan. Ayni vaqtda Kyurasao FIFA reytingida 81-o‘rinni egallab turibdi.

Musobaqalardagi ishtiroki
Kyurasao terma jamoasi biror marta ham Jahon chempionatida ishtirok etmagan. Terma jamoa mustaqillikdan so‘ng 3 marta Konkakaf Oltin kubogida qatnashgan. Eng yaxshi natijalari esa chorak final bosqichi hisoblanadi. Kyurasao shu vaqtga qadar Konkakaf Oltin kubogi, ABCS turniri va Karib dengizi kubogi kabi bir qator musobaqalarda ishtirok etib kelmoqda. Terma jamoada bir qator katta nomlar murabbiylik faoliyatini olib borgan. Gus Xiddink, Dik Advokat va Patrik Klyuvert shular jumlasidan. Ayni vaqtda Fred Rutter jamoani boshqarib bormoqda.

Eng yaxshi futbolchilari
Kyurasao milliy terma jamoasi safida eng ko‘p uchrashuv o‘tkazgan futbolchi Leandro Bakuna hisoblanadi. U terma jamoa libosida 66ta uchrashuvda maydonga tushgan. Eng yaxshi to‘purar esa Rangero Janga sanaladi. Strayker o‘z yurti uchun 21ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Kyurasao terma jamoasi mundialdagi debyutini 14-iyun kuni o‘tkazadi va Germaniya bilan bahs olib boradi. 2-turda 21-iyun sanasida Ekvador terma jamoasi bilan kuch sinashadi. So‘nggi turda esa 25-iyun kuni Kot-d’Ivuarga qarshi maydonga tushadi.