Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon chempionati: bugun O‘zbekiston voleybolchilari Pokiston jamoasi bilan kuch sinashadi
11:06 / 2025-07-25

Bugun, 25 iyul kuni Toshkentdagi “Yunusobod“ sport saroyida hamda Chirchiqda joylashgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti majmuasida voleybol bo‘yicha 19 yoshgacha bo‘lgan erkaklar milliy terma jamoalari o‘rtasida o‘tayotgan jahon chempionatining guruh bosqichlarida navbatdagi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

“Yunusobod” sport saroyida kechadigan bahslarda “A” guruhida Belgiya – Poerto-Riko, Argentina –Turkiya, O‘zbekiston – Pokiston hamda “D” guruhidagi Janubiy Koreya – Kolumbiya jamoalari ro‘baro‘ keladi. 

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti majmuasining birinchi sport maydonidagi o‘yinlarda “B” guruhida Fransiya – Jazoir, Bolgariya – Xitoy, Yaponiya – Kanada va “D” guruhida AQSH – Kanada, ikkinchi maydonda esa “S” guruhida Eron – Polsha, Misr – Ispaniya, Italiya – Tunis va “D” guruhida Braziliya – Finlyandiya jamoalari kuch sinashadi. 

Aytish lozim, nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyo va hamdo‘stlik mamlakatlari hududida ilk bor o‘tayotgan jahon chempionatida 24 davlatning U19 milliy terma jamoalari 4 guruhga bo‘lingan holda chempionlik yo‘lidagi bahslarda maydonga tushmoqda. 

Kecha poytaxtimizdagi "Yunusobod" sport majmuasida o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi turkiyalik tengqurlarini 25:22, 25:19, 25:17 hisoblarida mag‘lubiyatga uchratdi. 

Shuningdek, kecha tashkil etilgan dastlabki o‘yinlarda “A” guruhida Belgiya – Pokiston-3:0, Argentina – Poerto-Rika-3:0, “B” guruhida Fransiya – Kanada-3:1, Bolgariya – Jazoir-3:0, Yaponiya – Xitoy-0:3, “S” guruhida Eron – Ispaniya-2:3, Misr – Tunis-3:0, Italiya – Polsha-1:3, “D” guruhida AQSH – Finlyandiya-1:3, Braziliya – Kolumbiya-3:0, Janubiy Koreya – Kuba-3:0 natijalari qayd etildi. 

Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatining saralash musobaqalari 29 iyulga qadar davom etadi. Chempionatning pley-off o‘yinlari 30 iyul-3 avgust, yarim final va final o‘yinlari 3 avgust kuni o‘tkaziladi. 

T.Ro‘ziyev, O‘zA