Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon bozoriga yo‘l
16:14 / 2017-07-25

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha sub’ektlarining erkin va samarali faoliyat yuritishi uchun yaratilayotgan keng sharoit va imkoniyatlar yuksak samaralar bermoqda.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha sub’ektlarining erkin va samarali faoliyat yuritishi uchun yaratilayotgan keng sharoit va imkoniyatlar yuksak samaralar bermoqda.

Prezidentimizning 2016 yil 5 oktyabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan va hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan tadbirkorlar safi Toshkent viloyatida ham yildan-yilga ko‘paymoqda.

2007 yilda 2 tikuvchi bilan ish boshlagan Bekobod shahridagi “Zulfiya Bonu chevar” mas’uliyati cheklangan jamiyati qisqa fursatda xaridorgir va eksportbop trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaradigan tikuvchilik korxonasiga aylandi. Bunda tijorat banklaridan olingan kredit mablag‘lari qo‘l keldi.

– 2014 yil shahrimizdagi bo‘sh turgan binoni 150 million so‘m investitsiya kiritish va 10 ish o‘rni yaratish majburiyati bilan “nol” qiymatda olib, tikuvchilik sexi tashkil etdik, – deydi korxona rahbari O‘g‘iloy Mirzamurodova. – Xorijdan zamonaviy tikuv uskunalari keltirib o‘rnatdik. Bugun korxonamizda 30 malakali tikuvchi mehnat qilmoqda. Ularning 10 nafari kasb-hunar kolleji bitiruvchilari. Kattalar va bolalar uchun zamonaviy dizaynda tayyorlanayotgan kiyim-kechaklarning 90 foizi eksport qilinmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 75 ming dollarlik mahsulot Tojikistonga yetkazib berildi. Ayni paytda Qozog‘iston va Rossiya davlatlariga ham eksport qilish bo‘yicha shartnomalar tayyorlanmoqda.

Viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlashni kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Bo‘stonliq tumanidagi “Gazalkent meva” mas’uliyati cheklangan jamiyati meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha hududdagi dehqon va fermer xo‘jaliklari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Xo‘jalikda 110 doimiy, 400 ga yaqin mavsumiy ishchi mehnat qilayotir.

– Prezidentimiz 21-22 iyul kunlari viloyatimizga tashrifi davomida hudud nafaqat sanoat sohasida, balki qishloq xo‘jaligida ham ulkan imkoniyatlarga ega ekani, undan samarali foydalangan holda, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qildirish zarurligini ta’kidladi, – deydi korxona rahbari D.G‘aniyev. – Toshkent viloyati oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha mamlakatimizda yetakchi o‘rinlardan birida turadi. Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan sharoitlar bizni yanada ko‘proq ishlash, el-yurt ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qilishga undamoqda. O‘zingiz o‘ylang-da, mendek oddiy bir qishloq odami mustaqillik tufayli nafaqat mulkdor, balki mahsulotlarini bir necha xorijiy davlatga eksport qilayotgan, buning ustiga, Prezidentimiz ishlab chiqaruvchilarning o‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijlik hamkorlar bilan ishlasin, jahon bozoriga chiqsin, deb maxsus hujjat qabul qilib qo‘llab-quvvatlab turgan bo‘lsa, ishlamay bo‘ladimi? Mana, joriy yilning o‘zida turli sabzavotlardan 1 ming 40 tonna ikra va 680 tonna tuzlangan bodring yopdik. Yil oxiriga qadar hali yana qancha yopamiz, eh-he. O‘shanda bir keling, zaminimiz ne’matlaridan necha xil, qanday mazali, sifatli konserva mahsulotlari tayyorlash mumkinligini ko‘rasiz.

Dehqonlarimiz yetishtirgan ne’matlarning aholi dasturxoniga sifatli yetkazib berilishini ta’minlash bilan birga, uni zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlash, qadoqlash, yangi turlarini o‘zlashtirish ham oziq-ovqat sanoati korxonalarining doimiy e’tiborida. Bu jarayonda investitsiyalar jalb etish muhim ahamiyatga ega.

Zangiota tumanidagi “Singapur Samarqand” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxonada 70 dan ortiq turdagi muzqaymoq va muzqaymoq mahsulotlari tayyorlanmoqda. 100 dan ziyod ishchi mehnat qilayotgan jamoa joriy yilda 10 milliard 155 million so‘mlik 700 tonnadan ortiq mahsulot ishlab chiqardi. Maxsus zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan laboratoriya xonalarida muzqaymoq va shokolad mahsulotlarining sifati tekshiriladi.

– Zangiota oziq-ovqat kasb-hunar kollejini bitirganman, – deydi ishchi M.Muhamedova. – O‘zim qiziqqan sohada ishlab, iste’mol bozoriga arzon, sifatli va mazali muzqaymoq yetkazib berishga hissa qo‘shayotganimdan faxrlanaman.

Bunday korxonalar ko‘payib, jahon bozoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishni maqsad qilgan tadbirkorlar safi kengayayotgani yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bilan birga, joylarda bandlik masalasini hal etish va aholi turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.