Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon bozorida “Made in Uzbekistan” yorlig‘i ostidagi charm poyabzal mahsulotlariga talab oshmoqda
10:54 / 2022-10-12

Dunyodagi eng yirik savdo platformasi "Alibaba Group"da milliy savdo maydonchamiz ochilgani orqali tadbirkorlarimiz qisqa vaqt ichida 67 million dollarlik mahsulotni eksport qilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yil oxiriga borib platformadagi tovarlar va tarmoqlar soni ortadi. Istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida charm mahsulotlari tilga olinmoqda. 

Mamlakatimizda charm-sanoat yo‘nalishi iqtisodiyotimizning drayveri hisoblanadi. Xususan, 2017-2021-yillarda charmdan tayyorlangan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi deyarli 6 barobarga oshdi. Bu davrda 632 million dollarlik investitsion loyihalar amalga oshirilgan.  

Hozirda mamlakatimizdagi 300 dan ortiq charm-poyabzal ishlab chiqaruvchi korxonalarimiz xorijga 4 ming nomdagi mahsulotlarni eksport qilmoqda. "Alibaba Group"da savdo platformasiga kirish natijasida qo‘shimcha yana 200dan ortiq korxonalarning eksport qilish imkoniyati yaratiladi. 

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston charm-poyabzal sanoati korxonalarining ommabop onlayn savdo maydonchasiga kirishi, eksport hajmini qo‘shimcha 50-80 million dollarga oshiradi. Poyabzal, charm buyumlar, mo‘ynali kiyimlar eksport geografiyasini kengaytiradi. 

«O‘zcharmEKSPO-2022» ko‘rgazmasi oldidan “Alibaba” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvda shu kabi ma’lumotlar haqida so‘z yuritildi. 

– O‘zbekiston Osiyoda iqtisodiyoti tezlik bilan rivojlanib borayotgan davlat sanaladi, – deydi “Alibaba” korporatsiyasining MDH bo‘yicha koordinatori Mariya Kadanseva. – O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdormiz. Onlayn platformamizda aynan tayyor charm, attorlik, poyabzal mahsulotlariga talab ortib bormoqda. Asosiy xaridorlar top uchligida AQSH, Ispaniya va Xitoy turadi. Yetkazib beruvchilar safida asosiy ulushni O‘zbekiston va Xitoy egallaydi. Mahsulotlar raqobatbardoshliligi jihatidan O‘zbekiston ustunliklar mavjud. Sababi Xitoyda charm mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi kamaygan. Tannarx oshgan. O‘zbekistonda esa ishlab chiqarish va sifat yuqori darajada. Shuningdek, narx jihatidan ham ustunlikka ega.  

“Alibaba” korporatsiyasi va O‘zbekiston eksportni rag‘batlantirish agentligi bilan kelishuvlariga ko‘ra, subsidiya ajratish bo‘yicha yil oxiriga qadar yana 100ta kvota taqdim etishi belgilangan.  

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, joriy yil davomida 12 ta xalqaro nufuzli ko‘rgazmalarda o‘zbek charm sanoatidagi 100 dan ortiq korxonalar o‘z mahsuloti bilan ishtirok etgan. Mazkur xalqaro ko‘rgazmalarda 60 million dollarga yaqin eksport shartnomalari imzolangan.  

Mamlakatimizda an’anaviy tarzda «O‘zcharmEKSPO» ko‘rgazmasi o‘tkazilib keladi. Joriy yilning 13-14 oktyabr kunlari «O‘zcharmEKSPO» 13-xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Vazirlar Mahkamasining «Charm-poyabzal va mo‘yna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, «O‘zcharmsanoat» uyushmasiga respublikaning 16 ta hududida kichik sanoat zonalarini tashkil etish uchun 2022-2023 yillarda davlat byudjetidan 90 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Shuningdek, eksport ulushi 80 foizdan oshadigan korxonalarga ijtimoiy soliqlardan yengilliklar berildi. Ushbu imtiyozlar tadbirkorlarni yangi sanoat zonalarida amalga oshiriladigan loyihalarga qiziqtirmoqda. 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA