Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon boksining rivojida O‘zbekistonning hissasi beqiyos (+video)
17:06 / 2024-03-20

Xalqaro sport leksikasida o‘zbek boksi atamasining paydo bo‘lishi o‘z-o‘zidan ro‘y bermadi. Bunday sharafga ega bo‘lish yo‘lida qancha dovonlar bosib o‘tilmagan deysiz.

Bugun dunyo ringlarida kechayotgan turli boks kechalarida ishqibozlar yurtimiz vakillari ishtirokidagi janglarni orziqib kutish darajasiga chiqdi. Xalqaro promouterlik kompaniyalari ko‘p hollarda o‘zbekistonlik sportchilar bilan ishlash, hamkorlik qilishga oshiqmoqda. Sababi aniq. O‘zbek bokschilari katta ringning jozibasini, uning shiddatini ko‘rsatib berishda Amerika, Osiyo va Yevropaning ayrim nomdor bokschilaridan ustun bo‘lsa ustunki, kam emas. 

Bahodir Jalolov, Murodjon Ahmadaliyev, Bektemir Meliqo‘ziyev, Shahram G‘iyosov, Hasanboy Do‘smatov, Isroil Madrimov, Otabek Xolmatov, Qudratilla Abduqahhorov kabi o‘nlab charm qo‘lqop ustalarimizning katta ringdagi professional harakati o‘z davrida afsonaga aylangan Muhammad Ali, Mayk Tayson, Evander Xolifild, Klichko, Lennoks Lyuislar va bugungi boks yulduzlari Tayson Fyuri, Aleksandr Usik, Saul Alvares, Entoni Joshua kabilardan texnik-taktik jihatdan ortda emasligini professional boks mutaxassislari yaxshi biladi. 

Tarixga e’tibor qaratilsa, mamlakatimizda boksning rivojlanishi asli amerikalik professional bokschi Sidney Jakson nomi bilan chambarchas bog‘liq. Birinchi jahon urushi davrida taqdirning murakkab kechmishi orqali Toshkentga kelib qolgan yengil vazn toifasida Amerika chempioni Jakson mamlakatimizda yoshlarga boks sirlarini o‘rgata boshlagan. 1928-yili asos solingan O‘zbekiston boks federatsiyasiga uzoq yillar rahbarlik qilgan. 

Uning o‘nlab emas, yuzlab shogirdlari yillar davomida sobiq ittifoq chempionligiga erishgan. Jahon boksida “Toshkent yo‘lbarsi” nomi bilan tanilgan bokschimiz Rufat Risqiyev ham Jaksonning shogirdi hisoblanadi. 

O‘zbekiston boks federatsiyasi faxriylar kengashi raisi, uzoq yillar mamlakat chempionatlarida, turli xalqaro musobaqalarda hakamlik vazifasini bajargan, 1980-yili Moskvada o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida boks musobaqalarini boshqarib borishda texnik vakil sifatida faoliyat ko‘rsatgan Mirsolih Sagatov bilan kechgan suhbatimiz o‘zbek boksining tarixi va bugungi yutuqlari, “Parij-2024” Olimpiadasida kutilayotgan natijalar, jahon boksida ro‘y berayotgan voqeliklar haqida bo‘ldi. 

Suhbatning to‘liq tafsilotlari bilan O‘zAning Youtube kanali orqali tanishishingiz mumkin. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/I-xaddpcuYg" title="Jahon boksining rivojida Oʻzbekistonning hissasi beqiyos" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

To‘lqin Ro‘ziyev, A.Ahmedov (video), O‘zA