Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
18:58 / 2020-11-25

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

Qishloq aholi punktlarining me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish orqali aholining turmush madaniyatini yuksaltirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

2020 yil 17 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi bilan Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi (keyingi o‘rinlarda – Uyushma) bilan 100 million AQSH dollari miqdorida hamda 2020 yil 28 mayda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (keyingi o‘rinlarda – Bank) bilan 82 million AQSH dollari miqdorida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi (keyingi o‘rinlarda – loyiha) bo‘yicha 5 yillik imtiyozli davr bilan 30 yil muddatga qarz (kredit) bitimlari imzolangani;

loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasining ulushi 1,6 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ni tashkil etayotganligi;

loyiha Farg‘ona, Andijon, Namangan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishdan nisbatan ortda qolayotgan 21 ta tumanida amalga oshirilishi;

loyihani amalga oshirish davri 5 yilni (2020–2024 yillar) tashkil etishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Belgilansinki:

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish va muvofiqlashtirish, shuningdek, Uyushma va Bank kreditlaridan maqsadli va samarali foydalanish bo‘yicha mas’ul ijro etuvchi organ hisoblanadi;

loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi barcha tashkilotlar loyiha bo‘yicha imzolangan qarz (kredit) bitimlarida ko‘rsatilgan mexanizmlar talablariga amal qiladi;

loyihani amalga oshirish doirasida Uyushma va Bank kreditlarini qaytarish, shuningdek, ular bo‘yicha hisoblangan foizlar, xizmat ko‘rsatganlik uchun haq va boshqa to‘lovlar bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

3. Quyidagilar:

“Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1-илоvaгa muvofiq;

“Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki kreditlarining asosiy qarzini, unga hisoblangan foizlarni va boshqa to‘lovlarni qaytarish prognoz jadvali 2 va 3-илоvaлaргa muvofiq;

Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 4-илоvaгa muvofiq tasdiqlansin.

4. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, qonunchilikka muvofiq xalqaro moliya institutlarining qarzlari va hukumat tashkilotlarining xalqaro qarzlari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar doirasida:

agarda ushbu loyihalar xalqaro va xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari tomonidan 2020 yil 1 iyulga qadar ma’qullangan bo‘lsa, yuridik shaxslar tomonidan sotib olinadigan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishga doir aylanmaga qo‘shilgan qiymat solig‘i va aksiz solig‘i solinmaydi;

mazkur qarz mablag‘lari hisobidan yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar bojxona boji to‘lashdan ozod etiladi;

ushbu imtiyozlar natijasida iqtisod qilingan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasining loyihani amalga oshirishdagi ulushi deb hisoblanadi.

5. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (A.J.Ortiqov) Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R.T.Mamatov) bilan birgalikda loyiha doirasida aholi orasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqishda doimiy o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsin.

6. Belgilansinki, loyiha doirasida:

har bir viloyat bo‘yicha qishloqlar aniqlangandan so‘ng, har bir viloyatning tegishli subloyihalar bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlari yuzasidan belgilangan tartibda loyihaning texnik-iqtisodiy hisoblari ishlab chiqiladi va ekspertiza organlarida belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkaziladi;

Farg‘ona, Andijon, Namangan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari buyurtmachi hisoblanadi;

loyihani amalga oshirish guruhi bilan “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik kelishuvlari imzolanadi.

7. Ichki ishlar vazirligi (P.R.Bobojonov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining buyurtmanomalari bo‘yicha loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirilishi, berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha ro‘yxatga qo‘yilishi va muddati uzaytirilishini tez fursatlarda ta’minlasin.

8. Hisob palatasi (B.T.Turabov) loyiha doirasidagi mablag‘larning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin
hamda har yarim yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.

9. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A.E.Burxanov) loyiha doirasida ajratilgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.

10. Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:

a) Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov:

bir hafta muddatda mas’ul ijrochilar ishtirokida majlis o‘tkazib, ularning aniq vazifalarini belgilab bersin;

ikki hafta muddatda Farg‘ona, Andijon, Namangan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda loyiha doirasida mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha hududlar kesimida “Yo‘l xarita”larini ishlab chiqsin hamda tegishincha xalq deputatlari viloyatlar va tumanlar Kengashlarida tasdiqlanishini ta’minlasin;

tegishli vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda loyihani amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan mutaxassislar malakasini oshirish uchun xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda o‘quv-treninglar tashkil qilsin;

moliyalashtirilgan subloyihalar to‘g‘risida, shuningdek, ularning sifatli amalga oshirilishi ustidan monitoring natijalari yuzasidan
har chorak yakuni bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga ma’lumot kiritib borsin;

“Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish guruhining tuzilmasini tasdiqlasin va faoliyatini yo‘lga qo‘ysin;

tijorat bankida alohida hisobvaraqlariga ega bo‘lgan loyihani amalga oshirish bo‘yicha bosh guruhni Toshkent shahrida, shuningdek, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari uchun Namangan shahrida va Sirdaryo hamda Jizzax viloyatlari uchun Jizzax shahrida loyihani amalga oshirish bo‘yicha hududlararo guruhlarni tashkil etsin;

loyihani amalga oshirish davrida loyihani amalga oshirish guruhini moliyalashtirish bo‘yicha xarajatlarni Moliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlasin.

Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorovga Jahon bankining ijtimoiy va ekologik himoyalash hamda ko‘chirish siyosati tamoyillarini hisobga olgan holda loyiha komponentlarini amalga oshirish va moliyalashtirish jadvaliga hamda mazkur qaror bilan tasdiqlanayotgan ilovalarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin;

b) Farg‘ona (X.X.Bozarov), Andijon (Sh.K.Abduraxmanov), Namangan (Sh.Sh.Abdurazakov), Sirdaryo (G‘.G‘.Mirzayev) va Jizzax (E.A.Saliyev) viloyatlari hokimliklari loyihani to‘la-to‘kis amalga oshirish uchun barcha zarur hujjatlar sifatli ishlab chiqilishini va loyihani amalga oshirish guruhlariga o‘z vaqtida yetkazilishini belgilangan tartibda ta’minlasinlar.

11. Farg‘ona (X.X.Bozarov), Andijon (Sh.K.Abduraxmanov), Namangan (Sh.Sh.Abdurazakov), Sirdaryo (G‘.G‘.Mirzayev) va Jizzax (E.A.Saliyev) viloyatlari hokimliklari qishloqlarni kompleks rivojlantirish uchun loyiha doirasida moliyalashtiriladigan ob’ektlardan tashqari amalga oshiriladigan tadbirlarni batafsil rejalashtirish loyihalari asosida mahalliy byudjet va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga amalga oshirsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Qo‘chqorov belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021 yil 1 iyun va 2021 yil 15 dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti              Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2020 yil 25 noyabr