Keyingi yillarda hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida Jahon banki tomonidan bir qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Mazkur xalqaro tashkilotning Muhammad Nada boshchiligidagi vakillari Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov bilan uchrashdi. Muloqotda o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Viloyat rahbari mamlakatimizdagi o‘zgarishlar, aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Delegatsiya tomonidan urbanizatsiyani barqaror rivojlantirish, ma’lumotlar milliy infratuzilmasi geoportalini yaratish, istiqbolli hududlarni aniqlash va ularning master rejalarini ishlab chiqish, shahar muhandislik infratuzilmasini yanada yaxshilash loyihasini amalga oshirish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Hozirgi kunda Mingbuloq va To‘raqo‘rg‘on tumanlari kesishmasida joylashgan, uch ming yillik tarixga ega Axsikent arxeologiya merosi yodgorligida turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha bilan tanishgan mehmonlar mazkur xayrli tashabbusni amalga oshirishda ko‘mak va o‘z xizmatlarini taklif etdi.
Shuningdek, xalqaro iqtisodiy muassasa delegatsiyasi a’zolari Davlatobod tumanida barpo etilayotgan “Yangi Namangan” shaharchasi, To‘raqo‘rg‘on tumanida amalga oshirilayotgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘i qurilishi loyihalari bilan ham tanishib, bu borada o‘z takliflarini bildirdi.
[gallery-15045]
Jahon banki vakillari Namangan shahrida urbanizatsiyani barqaror rivojlantirish bo‘yicha loyihasini amalga oshirish yuzasidan viloyat hokimining o‘rinbosari Saidahmad Sultonov, Namangan shahar hokimi G‘ofurjon Jamolov va mas’ul tashkilotlar rahbarlari bilan muzokara o‘tkazdi. Shuningdek, uchrashuvda Namangan shahrida ichimlik suv inshootlari, kanalizatsiya tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha dastlabki o‘rganishlar bo‘yicha fikrlar almashildi.
Xalqaro tashkilot delegatsiyasi Davlatobod tumanida ham bo‘lib, ko‘p qavatli uylarning isitish tizimi qay darajada tashkil etilganligini borib ko‘rdi. Mehmonlarga Xitoydan keltirilgan isitish qozonlarining afzalligi, bu tabiiy gaz va elektr energiyasini iqtisod qilishda qo‘l kelayotgani haqida ma’lumot berildi. Hozirda tumanning To‘quvchi, Navbahor, Mustaqillik va Porloq mahallalari hududlarida jami 152 ta ko‘p qavatli uy, 7 ming 582 ta xonadon, 20 ming nafardan ortiq aholi hamda 23 ta ijtimoiy soha ob’ekti ushbu qulaylikdan bahramand bo‘lmoqda. Mehmonlar To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan Axsi sayyidlari majmuasida bo‘lib, nodir qo‘lyozmalar fondi bilan ham tanishdi.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.