Jahon banki tomonidan “O‘zbekistonda “COVID-19” koronavirus infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralarni ko‘rish va shoshilinch, tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish” loyihasi bo‘yicha zarur o‘rganishlar olib borilmoqda.
Mazkur loyiha direktori o‘rinbosari Sardor Nizomov hamda ekologik va sotsial himoya masalalari bo‘yicha mutaxassisi Zulfiya G‘afforovalar Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali faoliyatini o‘rgandi. Bu jarayonda bevosita Jahon banki homiyligida filialga keltirilgan tibbiy uskunalardan qay darajada foydalanilayotgani, ish samaradorligi, davolash-diagnostikada erishilayotgan yutuqlarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, filialda muayyan bilim va ko‘nikmani taqozo etadigan tibbiy apparat va uskunalardan to‘g‘ri foydalanishda tibbiyot xodimlari tajribasi va kasbiy mahoratiga baho berildi. Shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlari fikr-mulohazalari, takliflari eshitildi.

Jahon banki vakillari filial direktori Tohir Musayev hamrohligida Romitan, Vobkent va Qorako‘l tumanlaridagi tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida ham bo‘ldi. Faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlarining ilmiy va kasbiy salohiyati bilan qiziqdi. Davolash-profilaktika ishlarining natijadorligi, qolaversa, tibbiyot muassasalarida yaratilgan sharoit, moddiy-texnik ta’minoti bilan yaqindan tanishdi. Har bir o‘rganilgan manzilda tibbiyot mutaxassislari mulohaza va takliflari yozib olinib, loyihaga doir zarur tavsiyalar ishlab chiqildi.
Zarif Komilov, O‘zA