Mamlakatimizda mehnatga haq to‘lashning adolat, shaffoflik, ichki kelishuv va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha yangi tizimini shakllantirishda xalqaro tajribalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jahon banki ekspertlari tomonidan “Davlat fuqarolik xizmatida xodimlarning mehnatiga haq to‘lash va rag‘batlantirish tizimini isloh qilish: Xorvatiya va Ruminiya tajribasi” mavzusida onlayn taqdimot tashkil etildi.
Taqdimotda Jahon bankining ekspertlari Xorvatiya va Ruminiyaning davlat sektorida mehnatga haq to‘lash tizimini isloh qilish borasida amalga oshirilgan loyihalar va ularning natijalari xususida atroflicha ma’lumot berishdi, deyiladi Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi ma’lumotida.
Jahon bankining yetakchi mutaxassislari Pedro Arizti, Dimitri Vasile, Shixo Nagaki va Izza Akram Malik, shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ul vakillari ham ishtirok etgan uchrashuvda davlat xizmatida mehnatga haq to‘lash va rag‘batlantirish tizimini yagona standartga olib kelish, xodimning shaxsiy ko‘rsatkichlari va faoliyat samaradorligi bilan bog‘lash, lavozim (kasb) va funksiyalar tahlilini o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi. Bu borada Yevropa mamlakatlarida erishilgan natijalar muhokama qilindi.
Jahon banki vakillari ushbu sohada xalqaro miqyosda tan olingan ilg‘or tajribalarni joriy etishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
A.RUSTAMOV, O‘zA