Jahon bankining “Toshkent shahridagi havo sifatini baholash va O‘zbekistonda havo sifatini boshqarishni takomillashtirishning yo‘l xaritasi” hisoboti Toshkent shahridagi havo sifatining keng ko‘lamli diagnostika tahlilini taqdim etadi. Ushbu hujjat O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ko‘magida tayyorlangan.
Hisobotda Toshkentdagi havo sifati haqida to‘xtalib o‘tiladi. Xususan, havodagi diametri 2,5 mikron bo‘lgan muallaq zarrachalar (PM2,5) inson salomatligiga katta xavf tug‘dirishi qayd etilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bu zarrachalarni havoning eng xavfli ifloslantiruvchilari deb tan olgan. Toshkentdagi havo sifatini monitoring qiladigan IQAir portali ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxt ko‘pincha dunyoning eng ifloslangan shaharlar qatoriga kiradi.
Hisobotga ko‘ra, PM2,5 zarrachalari bilan bog‘liq ifloslanish Toshkentda qish oylarida maksimal darajaga yetadi va xalqaro standartlardan sezilarli darajada oshadi. Bu zarrachalar bilan ifloslanish nafaqat aholining salomatligiga, balki mamlakatning iqtisodiy holatiga ham sezilarli zarar yetkazmoqda. Baholashlarga ko‘ra, Toshkent shahridagi havo ifloslanishi O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining (YAIM) 0,7 foiziga teng zarar keltirishi mumkin.
PM2,5 ning asosiy manbalari sifatida Toshkentda isitish sektori (28 foiz), transport (16 foiz) va sanoat (13 foiz) ko‘rsatilgan. Yoz oylarida esa shamol tashib yuradigan chang kabi transchegaraviy manbalar ustunlik qiladi.
Hisobot O‘zbekistonda havo sifatini yaxshilash uchun “yo‘l xaritasi”ni taqdim etadi. Unga ko‘ra, havo sifatini boshqarish milliy strategiyasini ishlab chiqish, yangi standartlar qabul qilish va sanoat, transport hamda energiya samaradorligini oshirishga oid chora-tadbirlar taklif etilgan. Xususan, aholiga ekologik toza isitish usullariga o‘tish va binolarning energiya samaradorligini oshirish uchun moliyaviy yordam ko‘rsatish tavsiya etilgan.
Ushbu hisobot Jahon banki va O‘zbekiston hukumatining havo sifatini yaxshilash bo‘yicha hamkorlikdagi sa’y-harakatlarini davom ettirishga hamda kompleks yondashuvni ta’minlashga qaratilgan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA