Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon banki Tojikistonga COVID-19 virusiga qarshi kurashda yordam beradi
14:26 / 2020-04-03

Kuni kecha u Rossiya va boshqa mamlakatlarga, shuningdek, xalqaro tashkilotlarga COVID-19 ga qarshi kurash va profilaktika ishlarida koʻmak berishni soʻrab murojaat qildi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti 11-mart kuni COVID-19 koronavirusini pandemiya, deb eʼlon qildi. Bu, dunyoning maʼlum bir mintaqasida paydo boʻlgan epidemiya barcha chegaralarni buzib, butun dunyoga tarqaldi, yaʼni pandemiyaga aylandi deganidir. Darhaqiqat, ayni paytda yangi turdagi koronavirus bilan bogʻliq kasallik dunyoning qariyb barcha davlatlariga tarqalib ulgurdi. Ofat kirib bormagan mamlakatlar juda oz qoldi, ularni barmoq bilan sanasa boʻladi. Ammo, ushbu mamlakatlar ham xavfdan holi emas.

Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, mamlakatlarda koronavirus paydo boʻlishining oldini olish, profilaktika ishlari, ayniqsa, virusga chalinish holati paydo boʻlganda nazoratni qoʻldan chiqarmaslik uchun oldindan tayyorgarlik koʻrish, tezkor chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish zarurligini hayotning oʻzi koʻrsatmoqda. Zero, Xitoyning Xubey viloyatida chiqqan yangi turdagi koronavirusga xalqaro hamjamiyat tomonidan oʻz vaqtida yetarlicha baho berilmagani bois, bugun koʻpgina mamlakatlarda virus tarqalishiga qarshi kurash kutilgan natijani bermayotganiga guvoh boʻlib turibmiz.

Qoʻshni Tojikiston Respublikasi ham, koronavirus yetib bormagan sanoqli mamlakatlar safida turibdi. Kuni kecha u Rossiya va boshqa mamlakatlarga, shuningdek, xalqaro tashkilotlarga COVID-19 ga qarshi kurash va profilaktika ishlarida koʻmak berishni soʻrab murojaat qildi.

Tojikistonda koronavirus bilan kasallanish hali qayd etilmagan boʻlsa-da, mamlakat uchun COVID-19 global pandemiyasi xavfi yuqori. Mamlakatning ushbu ofatga qarshi tezkor va samarali choralar koʻrishi uchun Sogʻliqni saqlash tizimida zarur tayyorgarliklarni koʻrib qoʻyishni vaziyatning oʻzi taqozo etmoqda.

Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda payshanba kuni koronavirusga qarshi kurash va profilaktika ishlariga yordam masalasi yuzasidan mamlakatda akkreditatsiya qilingan dipmissiyalar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuv rejalashtirgani haqida ommaviy axborot vositalari xabar berdi.

Bir soʻz bilan aytganda, qoʻshni Tojikiston pandemiya tahdidan holi emas va hukumat ehtimoliy xavfga oldindan tayyorgarlik koʻrib qoʻyishga harakat qilmoqda. Oʻz navbatida, dunyo hamjamiyati, turli xalqaro tashkilotlar Tojikistonning ushbu saʼy-harakatlarini qoʻllab quvvatlamoqda.

Kuni kecha Jahon banki direktorlar kengashi Tojikistonda koronavirusga qarshi choralar kurish loyihalari uchun Xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasidan 11,3 million dollar ajratish boʻyicha grant mablagʻni tasdiqladi.

Jahon bankining Tojikistondagi vakolatxonasi matbuot kotibi Nigina Aliyevaning RIA Novostiga maʼlum qilishicha, 11,3 million dollar miqdoridagi grant Tojikistonni COVID-19 global pandemiyasi bilan bogʻliq tahdidlarga oʻz vaqtida chora koʻrish hamda ushbu sharoitda aholining sogʻligini asrash uchun samarali ish olib borishini qoʻllab quvvatlaydi.

Moliyalashtirish doirasida Tojikistondagi tibbiyot muassasalarining jonlantirish va intensiv davolash boʻlimlarida 100 ga yaqin yangi oʻrinni jihozlash koʻzda tutilgan. Shuningdek, loyiha COVID-19 bilan infeksiyalangan mijozlarni davolash uchun sogʻliqni saqlash tizimining salohiyatini yana-da oshirishga qaratiladi.

Mazkur loyiha boʻyicha COVID-19 profilaktikasi va uni aniqlash uchun zarur boʻlgan materiallar, jumladan, test toʻplamlari, laboratoriya reagentlari hamda tibbiyot muassasalari va laboratoriyalari xodimlarining shaxsiy himoyalanish vositalari sotib olinadi. Reanimatsiya va intensiv davolash boʻlimlari xodimlari COVID-19 profilaktikasi va bemorlarni davolash, ogʻir ahvolga tushgan bemorlarga oldinroq yordam koʻrsatish masalalari boʻyicha oʻqitiladi.

Mazkur loyiha aholining kam taʼminlangan qatlamini, ayniqsa, bolalarni qoʻllab-quvvatlash uchun hamdir. Loyiha doirasida ommaviy axborot vositalari va boshqa mahalliy jamoatchilik tashkilotlari tomonidan aholiga pandemiya haqida va profilaktika uchun koʻriladigan amaliy choralar, masalan, shaxsiy gigiyenaga qattiq amal qilish, muntazam ravishda qoʻllarni sovunlab yuvish kabi tadbirlarni targʻibot-tashviqot qilib borish ishlarini moliyalashtirish ham koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, pandemiyaning aholining kam taʼminlangan qatlamiga salbiy taʼsirini kamaytirish uchun, loyiha doirasida favqulodda pul toʻlovlari (transfertlar) ham moliyalashtiriladi. Mazkur moliyaviy qoʻllab-quvvatlash birinchi navbatda, kichik farzandli, narx-navo oshishi natijasida oziq-ovqat yetishmovchiligini boshdan kechiradigan oilalarga moʻljallangan. Mazkur transfertlar inqiroz hukm surayotgan vaziyatlarda oilalar orasida toʻyib ovqatlanmaslik xavfini kamaytirishga yordam berishi mumkin.

Kuni kecha Tojikistonning koronavirus xavfiga qarshi kurash uchun yordam soʻrab yoʻllagan Notasi Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirligi tomonidan ham koʻrib chiqilayotgani maʼlum qilingan edi.

Darhaqiqat Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, dunyoda koronavirusga chalinish holati allaqachon 900 mingdan oshib ketdi, 45 mingdan ziyod bemor ofat qurboniga aylandi.