Prezidentimizning 2021 yil 26 iyuldagi “Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida Buxoro viloyatida uchta tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazi tashkil topdi va ularni moddiy-texnika bazasini rivojlantirish uchun uch bosqichli dastur qabul qilindi.
Birinchidan, tumanlararo ixtisoslashtirilgan davolash muassasalarining ko‘paytirilishi (Vobkent, Romitan, Qorako‘l tumanlarida) natijasida sifatli koordinatsion tibbiy yordam sanaviatsiya yo‘nalishidagi chaqiriqlar soni 30 foizga kamayishiga erishildi. Viloyatning aholisi to‘liq ixtisoslashgan diagnostik, davolash usullaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Yangidan tashkil topgan qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari uchun 50 nafardan ziyod tor doiradagi mutaxassislar tayyorlandi. Viloyatdagi mavjud 9 ta shahar va tumanlardagi “Emyergency department” bo‘limlarining sutka davomida ixtisoslashgan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish faoliyati takomillashdi.

Bu kabi imkoniyatlarni yaratilishida o‘zining o‘rni bilan alohida e’tiborga ega bo‘lgan Jahon banki tashkilotining bir guruh vakillari Respublika Shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Buxoro filialida bo‘ldi. Mehmonlar o‘tgan yillar davrida berilgan zamonaviy yuqori texnologik so‘nggi rusumli tibbiy apparatura va jihozlardan foydalanish jarayonlarini o‘rgandi. Mazkur yo‘nalishdagi imkoniyatlar va qulayliklar to‘g‘risida o‘z fikr mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

– Davlat rahbarining tashabbusi bilan filial va uning subfiliallarini rivojlanishida, avvalo, Jahon banki tashkiloti o‘z hissasini qo‘shib kelayotganligini alohida ta’kidlash joiz, – deydi filial direktori M.Rajabov. – Ushbu tashkilot tomonidan Respublika Shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Buxoro filiali, qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari va “Emyergency department” bo‘limlariga 34 turdagi yuqori texnologik tibbiy apparaturalar berilgan. Mazkur zamonaviy tibbiy apparaturalar yordamida shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan aholining talablari qondirilib kelinayotganligini alohida ta’kidlash o‘rinli.


Uchrashuvda Jahon banki tashkiloti bilan Respublika Shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Buxoro filiali o‘rtasida istiqbolli rejalar amalga oshirilishiga kelishib olindi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.