English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon banki Rossiyadan eng ko‘p qarz olgan mamlakatlar ro‘yxatini e’lon qildi
16:28 / 2021-03-31

2019 yilning oxiriga kelib 30 ga yaqin mamlakat Rossiyadan taxminan 22,9 milliard dollar qarz olgan, deyiladi Jahon banki e’lon qilgan ma’lumotda.

Bular mamlakatlarning yoki davlat kafolatidagi yuridik shaxslarning qarzlaridir.

Tabiiy zaxiralarni boshqarish instituti iqtisodchisi Devid Mixaliy Jahon banki ma’lumotlarini to‘plab o‘ziga xos reyting tuzib chiqdi. Unga binoan Rossiya rivojlanayotgan mamlakatlar uchun eng yirik suveren kreditorlari ro‘yxatida beshinchi o‘rinda bormoqda.

Suveren kreditorlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni 149 milliard dollar bilan Xitoy egallab turibdi.

Ekspertning ta’kidlashicha, mazkur statistika rivojlanayotgan mamlakatlar moliya vazirlarining Jahon bankiga bergan hisobotlari asosida tuzib chiqilgan.

Moskva oldida hammadan ko‘p Minsk qarzdor ekan. Belorusning Rossiyadan qarzi 2019 yil oxiriga kelib 8,1 milliard dollarga yetgan. Ushbu davr mobaynida Bangladesh, Venesuela, Vetnam, Hindiston va Yaman ham Rossiyadan bir milliard dollardan qarz olgan.

Zambiya, Mozambik, Madagaskar, Sudan, Tanzaniya va Efiopiyaning Rossiyadan qarzi 2019 yil oxirigacha 973 million rublga yetgan.

Xabarda aniqlik kiritilishicha, ular qarzlarni asosan SSSR vaqtida olishgan, lekin Lusaka va Maputu davlatlari keyinchalik ham yana qarz olgan.

Yamanning Rossiyadan olgan kreditlari 1990 yillar boshiga borib taqaladi. Ukrainaning Rossiya oldidagi 0,61 milliard dollarlik qarzi 1990 yillarda gaz sotib olganda paydo bo‘lgan.

Rossiyadan olingan ayrim qarzlar bir necha yildan buyon o‘zgarmay turibdi. Masalan, Afg‘oniston 2009 yildan buyon Rossiyadan 849 million dollar qarz, Kambojaning 458 million dollarlik qarzi ham 2007 yildan buyon o‘zgarmay turibdi, Suriya esa 2011 yildan buyon Rossiyadan 525 million dollar qarz bo‘lib qolmoqda.

Shu bilan birga ekspertning ta’kidlashicha, Rossiyadan qarzdor bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatida Iroq va Kuba qayd etilmagan.