Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekiston uchun 100 million dollar miqdorida imtiyozli kreditni tasdiqladi. Ushbu mablag‘lar “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari ijtimoiylashuvini ta’minlash uchun innovatsion ijtimoiy himoya tizimi” (“Inson”) loyihasini amalga oshirish uchun taqdim etiladi. Loyihaning maqsadi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga mansub odamlar uchun ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini va ularning sifatini yaxshilashdir, deyiladi xabarda.
Loyiha qo‘shimcha ravishda Jahon banki qoshidagi «Erta yoshdagi ta’lim uchun hamkorlik» ko‘p tomonlama donorlik trast jamg‘armasi tomonidan taqdim etilgan 2 million dollarlik grant vositasida moliyalashtiriladi. Jamg‘arma faoliyati dunyoning turli mamlakatlaridagi ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning rivojlanishi va ta’limini qamrab oladi. Ushbu mablag‘lar mahalliy jamoalar (mahallalar) darajasida ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning O‘zbekistondagi ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar farovonligiga ta’sirini baholash va ularning sifatini oshirish uchun yo‘naltiriladi.
— Biz O‘zbekiston hukumatining ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini har tomonlama va samarali qo‘llab-quvvatlash maqsadida milliy ijtimoiy himoya tizimi salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini olqishlaymiz, — dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli. — «Loyiha O‘zbekistonda «g‘amxo‘rlik iqtisodiyoti» sektorining huquqiy va institutsional asoslarini rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Shuningdek, u minglab odamlar, jumladan, keksa fuqarolar, nogironligi bor shaxslar, oiladagi zo‘ravonlik qurbonlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar uchun haligacha mavjud bo‘lmagan zarur ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashni qo‘llab-quvvatlashi haqida so‘z yuritgan.
Loyiha O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan davlat organlari, nodavlat tashkilotlar va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorlar bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Loyiha natijasida mamlakat bo‘ylab mahallalar darajasida faoliyat yuritadigan 50 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazlari tashkil etiladi. Ularning xizmatlari aholining ijtimoiy himoyaga eng muhtoj qatlamlariga qaratilgan bo‘ladi.
Shuningdek, 50 mingdan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar, shu jumladan, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazlari negizida sifatli ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yaxshilanadi.
Mahalla darajasida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazlarini tashkil etish ijtimoiy himoya organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarga bo‘lgan talabni kamaytirishi va xususiy ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchilar bozorini rivojlantirishga turtki bo‘lishi kutilmoqda. Loyiha ko‘magida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga mansub fuqarolarga individuallashgan ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimi ishlab chiqiladi.
1200 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning kasbiy mahoratini oshirish va ish bilan ta’minlash, ulardan kamida yarmini 15−24 yoshli yoshlar tashkil qilishi belgilangan. Zo‘ravonlikdan jabrlangan 29 nafar shaxsni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga murojaat qilgan barcha ayollarga sifatli huquqiy, tibbiy, psixologik va boshqa yordamlar ko‘rsatish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, ular kompyuter va moliyaviy savodxonlik hamda muayyan kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar doirasida o‘qitilishi mumkin.
Loyiha turli xil favqulodda vaziyatlarga javob berish uchun tayyorlangan moslashuvchan ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirishga ko‘maklashadi. Xususan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish bo‘yicha davlat siyosati choralari, tegishli mexanizmlar va pilot dastur ishlab chiqiladi. Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xatarlar to‘g‘risida xabardorlikni oshirish va ular bilan bog‘liq oqibatlarga javob choralari ko‘rish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan ushbu dastur qishloq joylaridagi 100 mingta ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qamrab oladi. Shu tariqa ularga iqlimga chidamli ekinlarning urug‘lari, qishloq xo‘jaligi qurollari taqdim etiladi. Shuningdek, iqlimga mos qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘quv dasturlaridan o‘tish imkoniyati beriladi.
Loyiha tadbirlarini amalga oshirish ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi guruhlari uchun ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish, ularning jamiyatga integratsiyalashuvini ta’minlash, shuningdek, ularning farovonligini oshirish imkonini beradi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA