Jahon bankining «Jahon iqtisodiyoti istiqbollari» hisoboti yanvar oyidagi nashriga ko‘ra, 2026 yilda O‘zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlar top-3 taligiga kiradi.
Jahon banki prognozlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026 yilda 6 foiz o‘sadi va Qirg‘iziston (6,5 foiz) hamda Tojikiston (6,2 foiz) bilan bir qatorda Yevropa va Markaziy Osiyo (YeMO) mintaqasidagi 22 ta rivojlanayotgan iqtisodiyot orasida yetakchi uchtalikdan joy oladi.

YeMO mintaqasida 2026 yilda o‘rtacha iqtisodiy o‘sish sur’ati 2,4 foiz darajasida saqlanishi kutilmoqda.
Jahon bankining ta’kidlashicha, barqaror ichki talab, inflyatsiyaning pasayishi, moliyaviy shartlarning yaxshilanishi, YeI mablag‘larini samarali o‘zlashtirish va mudofaa xarajatlarining oshishi iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi.
Markaziy Osiyo YeMO submintaqasi eng yuqori o‘sish sur’atlarini ko‘rsatib kelmoqda. 2025 yilda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning umumiy YAIM o‘sishi 6,2 foizni tashkil etdi. 2026 yilda o‘sish sur’ati esa taxminan 5 foizga sekinlashishi kutilmoqda.
Jahon banki prognozlariga ko‘ra, Rossiyada iqtisodiy sekinlashuv pul o‘tkazmalarining qisqarishiga olib kelishi mumkin. Yuqori oltin narxlari iqtisodiy faollikni kuchaytiradi va O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston YAIM o‘sishi bo‘yicha mintaqada eng tez o‘suvchi iqtisodiyotlardan biri bo‘lib qoladi. Qozog‘istonda neft qazib olish va jahon narxlarining pasayishi iqtisodiy o‘sishni 4,5 foizgacha sekinlashtirishi mumkin.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA