English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon banki delegatsiyasi Namanganda
14:24 / 2025-11-11

Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni amalga oshirish, hududlar infratuzilmasini rivojlantirishda xalqaro va xorijiy tashkilotlar ham o‘z istiqbolli loyihalari bilan faol ishtirok etmoqda.

Yurtimizga tashrif buyurgan Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Naji Benxassin boshchiligidagi delegatsiya vakillarining Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov bilan uchrashuvida ayni shu boradagi hamkorlik aloqalari atroflicha muhokama qilindi.

Qayd etish jozki, Jahon banki mamlakatimizda infratuzilma, energetika, transport, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirib, aniq natijalar bilan salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Jumladan, Namanganda infratuzilmani taraqqiy ettirish va ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator ahamiyatli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

Samimiy ruhda kechgan muloqotda qayd etilganidek, Jahon bankining “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida Namangan viloyatining beshta tumanidagi 132 mahallada joylashgan 272 ob’ektga jami 66,4 million dollar mablag‘ ajratilib, dastlabki bosqichda 80 ta mahalladagi 176 ta ob’ektda ijtimoiy soha va infratuzilma loyihalari amalga oshirildi. 

E’tiborlisi, bu boradagi amaliy ishlar davom ettirilib, “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida 40,5 million dollar evaziga Chortoq tumanida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.

– Namangandagi katta o‘zgarishlar, bunyodkorliklar bo‘layotganligini aeroportdan chiqiboq ko‘rdim, hududda sanoat rivoji, iqtisodiy o‘sish e’tiborga molik, – dedi delegatsiya rahbari Naji Benxassin. – Viloyat hokimi bilan uchrashuvimizda kelgusi rejalarni ham maslahatlashib oldik. Hududni 2026-2029 yillarda rivojlantirish dasturida ham faol ishtirok etib, o‘z hissamizni qo‘shamiz. Qolaversa, Namanganda o‘tkazilgan 64-xalqaro “Gullar festivali” haqidagi rolikni tomosha qilib, katta taassurot oldik hamda kelgusi yil o‘tadigan yubiley festivalida oilaviy qatnashishni niyat qildik.

Jahon banki delegatsiyasi Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Zuhriddin Bahriddinov hamrohligida Chortoq tumanida bo‘lib, amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishdi. O‘rganish doirasida “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida Chortoq tumanidagi amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar ko‘rib chiqildi.

[gallery-26172]

Dastlab, tuman markazidagi Furqat nomli madaniyat va istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, uzunligi 11 kilometr ekoyo‘lak barpo etish loyihasi hamda Arbag‘ish mahallasidan tuman markazigacha 52 kilometr masofada toza ichimlik suvi tarmog‘ini tortish bo‘yicha amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishildi.

Shuningdek, loyihalarni yanada jadal va maqsadli amalga oshirish, qurilish ishlarida sifat va muddatlarga rioya etish, shuningdek, mahalliy aholi ehtiyojlari va takliflarini inobatga olgan holda ishlarni muvofiqlashtirish yuzasidan fikrlar almashildi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.