Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon banki bilan hamkorlikda yangi startap dasturi amalga oshiriladi
18:48 / 2025-08-01

Mamlakatimizda kichik biznes va texnologik startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda investitsiya muhitini yaxshilash maqsadida xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik kengaymoqda. Ayniqsa, Jahon banki bilan hamkorlikda yangi loyihalarni ishlab chiqishga doir tashabbuslar bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Shu nuqtai nazardan, joriy yil 1 avgust kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligining Kichik va o‘rta biznes rivojlanishini tahlil qilish, qo‘llab-quvvatlash va davlat siyosatini muvofiqlashtirish departamenti direktori Timur Husanov, “UzVC” milliy venchur fondi investitsiyalar menejeri Abdulazal Toshxo‘jayev hamda Jahon banki vakillari Yerali Beksultan va Sergey Makarov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuvda startap loyihalarini rivojlantirish va ularni moliyalashtirish mexanizmlari muhokama qilindi. Xususan, “Startup and business investments in technology (SABIIT) project” nomli yangi loyiha konsepsiyasi bo‘yicha fikr almashildi. Ushbu loyiha orqali texnologik yo‘nalishdagi startaplarni moliyaviy va institutsional jihatdan qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilmoqda.

Jahon banki vakillari o‘z tajribalari asosida ushbu tashabbus O‘zbekistondagi startap muhitiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi. Shuningdek, yangi loyihani amalga oshirish yuzasidan hamkorlik mexanizmlari belgilab olindi.

Ushbu uchrashuv mamlakatimizda innovatsion g‘oyalarni ilgari surish, startaplarning salohiyatini oshirish va xalqaro tajriba asosida ularni rivojlantirish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi. Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday tashabbuslar yurtimizda tadbirkorlik muhitini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA