Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon banki bilan hamkorlik masalasi muhokama qilindi
12:45 / 2021-02-02

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Liliya Burunchuk boshchiligidagi Jahon banki delegatsiyasi bilan ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbolini muhokama qildi.

Uchrashuv chog‘ida o‘zaro hamkorlikning joriy holati, loyihalarning amalga oshirilishi, shuningdek, Jahon bankining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. Xususan, 2020 yil birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha bank kredit mablag‘larining 1 milliard dollardan ziyod qismi o‘zlashtirilgani ta’kidlandi. Bu, Jahon banki vakillarining so‘zlariga ko‘ra, mintaqada eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biridir.

 

O‘zbekiston tomoni pandemiya sharoitida Jahon banki COVID-19 tarqalishiga qarshi kurashish, tadbirkorlik faoliyatiga ko‘maklashish va muhim ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni targ‘ib qilishda o‘z vaqtida va samarali qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, aynan ushbu yo‘nalishlardagi izchil ishlar natijasida pandemiyaning dunyo iqtisodiyotiga salbiy ta’siriga qaramay, O‘zbekiston 2020 yilda iqtisodiy o‘sishga erishgan kam sonli davlatlardan biriga aylangani e’tirof etildi.

Shuningdek, uchrashuv davomida kelgusi besh yilga mo‘ljallangan O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi hamkorlikning yangi dasturini shakllantirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan loyihalarni va rejalashtirilgan tadbirlarni tayyorlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

“Mozori Sharif – Kobul – Peshavor” temir yo‘l loyihasi hayotga tatbiq etilishining amaliy jihatlarini muhokama qilishga bag‘ishlangan Afg‘oniston, Pokiston va O‘zbekiston Hukumatlari delegatsiyalari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan yuqori darajadagi uch tomonlama muzokaralarga alohida e’tibor qaratildi. L.Burunchuk, ushbu loyihaning Markaziy Osiyo mamlakatlarining dinamik iqtisodiy o‘sishini ta’minlash, mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash va tranzit salohiyatini tubdan yuksaltirish nuqtai nazaridan strategik ahamiyatini ta’kidlab, Jahon banki rahbariyati uning muhimligini to‘liq anglayotgani va O‘zbekiston Hukumatining uni ilgari surish bo‘yicha qat’iy sa’y-harakatlarini olqishlayotganini aytdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, infratuzilma va ijtimoiy sohani zamonaviylashtirishga alohida urg‘u berilib, O‘zbekistonni barqaror rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib, sheriklikni mustahkamlash to‘g‘risida kelishuvga erishildi.