Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon banki bilan hamkorlik ko‘lami kengaymoqda
12:17 / 2022-09-30

Hozirgi kunda Jahon banki bilan hamkorlikda mamlakatimizda infratuzilma, energetika, qishloq xo‘jaligi, uy-joy kommunal xo‘jaligini modernizatsiya qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimini takomillashtirishga qaratilgan jami 5 milliard dollarlik 30 ta investitsiya loyihasi yo‘lga qo‘yilgan.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev va Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Berde uchrashuvida aytib o‘tildi.

Muloqot chog‘ida hamkorlikni chuqurlashtirishning joriy holati va istiqboli muhokama qilindi.

30 yillik munosabat davomida investitsiyaviy hamkorlik doirasida erishilgan natijalar yuqori baholandi. Bu davrda qishloq xo‘jaligini isloh qilish, sog‘liqni saqlash va ta’limni modernizatsiya qilish, suv ta’minoti, moliya va transport sohalarini yaxshilash hamda yo‘l qurishga qaratilgan 3.6 milliard dollarlik 28 ta loyiha amalga oshirildi. Shuningdek, shahar infratuzilmasini yaxshilash va byudjetni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi loyihalarni ishlab chiqishni jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mamlakatimizda keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda bank mutaxassislari maslahati va texnik yordamini kengaytirish istiqboli ko‘rib chiqildi. 2040 yilgacha O‘zbekiston hududlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etish va sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish, eksportni rivojlantirish hamda respublikamizning barcha hududlarida sanoat muvozanatli rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan bozor tamoyiliga asoslangan sanoat strategiyalarini ishlab chiqish, savdo to‘siqlarini kamaytirish bo‘yicha texnik yordam ko‘rsatish, bojxona tartib-qoidasini raqamlashtirish va texnik reglamentlarni muvofiqlashtirishda amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar, shuningdek, Saudiya Arabistoni hukumati va Islom taraqqiyot banki bilan sheriklikda tashkil etilgan O‘zbekiston iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish jamg‘armasining nomoliyaviy faoliyati JB ekspertlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini muhokama qildi. Jahon banki rahbariyati jamg‘arma faoliyatiga zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

 

O‘zA