Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon banki: ayollarning imkoniyatlarini kengaytirishda yutuqlarga erishgan besh mamlakatdan biri  – O‘zbekiston
18:09 / 2025-11-07

Mamlakatimiz mintaqaviy va xalqaro darajada xotin-qizlar yetakchiligi sohasida tajriba markaziga aylanib bormoqda. Xalqaro maydonda O‘zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlari yuqori baholanmoqda.

Xususan, Jahon banki baholashiga ko‘ra ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha eng katta yutuqlarga erishgan besh mamlakat qatorida O‘zbekiston ham bor.

Toshkent shahrida “Davlat boshqaruvida ayollarning roli: O‘zbekiston kelajagini shakllantirayotgan islohotlar ovozi” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada shu haqda so‘z yuritildi. 

Boshqaruv samaradorligi agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi va xalqaro tashkilotlar vakillari hamda faol rahbar ayollar ishtirok etdi.

Tadbirda Senat Raisi Tanzila Norboyeva xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlardagi faolligini oshirish davlatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi.

Mamlakatimizning parlament tizimida xotin-qizlar ishtiroki izchil ortib borayotgani qayd etildi. Jumladan, Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizi, Senat a’zolarining 27 foizi, shuningdek, mahalliy kengashlar deputatlarining 32 foizidan ortig‘ini ayollar tashkil etadi.

4 yil davomida faoliyat yuritayotgan “Rahbar ayollar maktabi” orqali 400 nafardan ortiq xotin-qizlar zamonaviy boshqaruv va yetakchilik ko‘nikmalarini o‘zlashtirdi. Bugungi kunda zaxiraga kiritilgan ayol kadrlar o‘z salohiyati, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan ajralib turibdi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir. So‘nggi sakkiz yilda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan 110 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Qabul qilinayotgan qonun loyihalarining gender ekspertizadan o‘tkazilishi, gender audit va byudjetlashtirish tizimlarining joriy etilishi sohada kompleks yondashuvni ta’minlamoqda.

Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida so‘nggi yillarda tadbirkor xotin-qizlar soni 3,7 barobarga oshdi. 

Tadbirda ta’kidlanganidek, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengaytirish, rahbarlik lavozimlariga tayyorlash tizimini kuchaytirish, joylarda ham ayollar yetakchiligini qo‘llab-quvvatlash dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

Xotin-qizlarni qarorlar qabul qilish jarayonlariga faol jalb etish, ularning kasbiy mahoratini oshirish, iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash, raqamli iqtisodiyot va ilm-fanda ishtirokini kengaytirishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirish zarurligiga e’tibor qaratildi.

N.Abduraimova, O‘zA