Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jahon atom haftaligi – energetika sohasidagi muammolar yechimida muhim maydon (+video)
21:31 / 2025-09-26

Joriy yilning 25-26 sentyabr kunlari Moskva shahridagi Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi majmuasida atom va unga yaqin sohalarga bag‘ishlangan eng yirik tadbir – Jahon atom haftaligi (World Atomic Week) bo‘lib o‘tdi.

Unda qator davlatlar yetakchilari, “Rosatom” davlat korporatsiyasi mas’ullari, atom dasturlarini rivojlantirayotgan davlatlar rahbariyati vakillari, dunyo miqyosidagi yetakchi ekspertlar va yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Mazkur nufuzli tadbirning tantanali ochilish marosimida Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi o‘rinbosari Aleksandr Novak, “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachev, Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori Rafael Grossi va boshqalar so‘zga chiqib, atom sanoatida erishilgan yutuqlar va bu boradagi hamkorlik istiqbollariga to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlash kerakki, haftalikda 118 mamlakatdan 40 ming nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Bu esa dunyo bo‘yicha atom sanoatining ravnaqida muhim bosqich bo‘lganidan darak beradi. Chunki tadbirlarda so‘zga chiqqan ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, ular o‘z davlatida atom sohasini rivojlantirish borasida dasturlarini tatbiq etish choralarini ko‘rmoqda va ushbu xalqaro maydonda namoyish qilmoqda. 

“Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachevning qayd etishicha, soha vakillarining asosiy vazifasi ertangi kunga birgalikda qadam qo‘yishdir. 

– Atom energiyasi toza, ekologik va “yashil” energetika sifatida asosiy manbaga aylanadi. Bu jarayonda Rossiya, “Rosatom” va MAGATE hamkorligi mustahkamlanmoqda. Biz Xalqaro atom energiyasi agentligiga ko‘p tomonlama hamkorlik uchun ham, ikki tomonlama loyihalarimizni qo‘llab-quvvatlagani uchun ham minnatdormiz. Jahon yadroviy uyushmasi “Rosatom” bilan aloqalar sur’atini pasaytirmayapti. Shu bilan birga, biz o‘z atom sanoatini rivojlantirishga qadam qo‘ygan mamlakatlarni ham har jihatdan qo‘llab-quvvatlaymiz, – dedi A.Lixachev.

“O‘zatom” agentligi yetakchi mutaxassisi Shixnazar Amongeldiyevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu haftalikda ishtirok etish va tajribalar bilan o‘rtoqlashish imkonini beradi. Shu bois, bu atom sanoati rivojida muhim global maydon bo‘lib xizmat qiladi.

– Biz tadbirga agentlik delegatsiyasi bilan ishtirok etdik. Ko‘rgazmada atom sohasidagi ishlarimizni namoyish qildik. Ochig‘ini aytish kerak, bu haftalikda qatnashishimiz bejim emas. Chunki yurtimizda atom sohasi 60 yildan buyon rivojlanib kelmoqda. Ustozlarimiz Ubay Oripov, Sodiq Azimov, Ulug‘ G‘ulomov, Behzod Yo‘ldoshev kabi atom energetikasi sohasiga poydevor qo‘ygan yetuk yadro-fiziklar bo‘lgan. Biz ularning ishlarini munosib ravishda davom ettiryapmiz hamda Prezidentimiz tashabbuslari bilan mamlakatimizda ilk atom elektr stansiyasini qurish loyihasini boshlaganmiz. Mazkur loyiha yurtimizda elektr energiyasiga bo‘lgan talabni qoplashda alohida o‘rin tutadi, –dedi Shixnazar Amongeldiyev. 

Haftalikda Belarus Respublikasi ham o‘z atom sanoatida erishgan yutuqlarini namoyish etdi. Belarus atom elektr stansiyasi axborot va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Eduard Svirid aytib o‘tganidek,  atom elektr stansiyasi faqat energetikada emas, balki fan, ta’lim, tibbiyot, sanoat, transport va boshqa sohalarni ham rivojlantirishda katta rol o‘ynamoqda.

–Biz Jahon atom haftaligi doirasida mamlakatimizning ko‘rgazmali ekspozitsiyasini taqdim etdik. Bu yerda Belarus atom elektr stansiyasining maketini havola qildik. U samarali va xavfsiz ishlab, hozirgi kunda nominal quvvatda faoliyat yuritmoqda. Nominal quvvatda u mamlakatimiz uchun zarur bo‘lgan elektr energiyasining taxminan 40 foizini ishlab chiqaradi, – dedi Eduard Svirid.

Xulosa qilib aytganda, Jahon atom haftaligi ishtirokchilar uchun nafaqat tanishuv, muloqot va taqdimotlar maydoni, balki atom sohasida kelgusi rejalarni aniq belgilashda muhim maqsadlar makoniga aylandi. Shu ma’noda, butun dunyo bo‘yicha energetikaga talab kundan-kunga ortib borayotgan bir davrda, yadro sohasi bu ehtiyojni qondirishda muhim manbaga aylanishi shubhasiz.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/JIiKmmFO-4I" title="Jahon atom haftaligi – energetika sohasidagi muammolar yechimida muhim maydon" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Nasiba Ziyodullayeva, Muqimjon Qodirov (video, surat), O‘zA

Rossiya, Moskva shahri