Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida “Jaholatga qarshi – ma’rifat bilan kurashish: yoshlar ongida ogohlik, jamiyatda barqarorlik” hamda “Inson qadri va huquqlarining ustuvorligi – taraqqiyot poydevori” mavzularida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan hamkorlikda davra suhbati o‘tkazildi.
Yoshlar o‘rtasida sog‘lom ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga qaratilgan mazkur uchrashuvda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari, institut rahbariyati, tyutorlar va talabalar ishtirok etdi. Muloqotda yosh avlod tafakkurini kengaytirish, tanqidiy fikrlashni rivojlantirish va turli yot g‘oyalarga qarshi ma’rifat bilan kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda dunyo bo‘yicha 5,56 milliard kishi internetdan foydalanmoqda, ulardan 5,24 milliard nafari ijtimoiy tarmoqlarda faol. Faqatgina Telegrammning o‘zidan 72 mingdan ortiq kanal faoliyat yuritmoqda, shundan mingdan ziyodi diniy kontent tarqatishga ixtisoslashgan. Mamlakatimizda ham diniy mazmundagi mingdan ortiq kanal mavjud bo‘lib, ularning ko‘pchiligi rasmiy manbalarga aloqador emasligi ta’kidlandi.

Mutaxassislarning fikricha, yoshlar orasida radikallashuv xavfi ko‘proq hayotiy tajriba va bilimlarning yetishmasligi, ma’naviy-axloqiy tarbiyadagi bo‘shliqlar, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan soxta targ‘ibot va manipulyatsiyalar bilan bog‘liq. Qolaversa, internet orqali “feyk” (yolg‘on) ma’lumot tarqatish, ekstremistik g‘oyalarni singdirish, psixologik bosim va firibgarlik kabi tahdidlar haqida ham ogohlantirildi.

Davra suhbati yakunida, ishtirokchilarga mustahkam e’tiqod, sog‘lom dunyoqarash va ma’naviy immunitetni shakllantirishning eng ishonchli yo‘li – bu ma’rifat ekanligi alohida qayd etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.