O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosini ta’minlash maqsadida "Radikallashuv va yot g‘oyalarga qarshi kurashish hamda axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish o‘n kunligi" loyihasi doirasida “Soxta salafiylik: tarixi, g‘oyasi, belgisi, xatarlari” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu o‘n kunlik tadbirlardan ko‘zlangan maqsad yoshlarni radikalizm, terrorizm, ekstremizm, soxta da’volar, g‘arazli da’vatlar, axborot xurujlari, mafkuraviy tazyiqlar, ommaviy madaniyat ta’siridan himoyalash, ularda vatanparvarlik, sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishdan iborat.

Tadbir uchun tanlangan mavzularni keng va atroflicha yoritib berish uchun ijtimoiy-siyosiy, diniy, madaniy-ma’rifiy sohada o‘z sohasining yetakchi ekspertlari ma’ruzalari bilan qatnashdi.
Davra suhbatini O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi, «Ziyo» media markazi direktori Abdulhamid Muxtorov olib bordi.
— Bugungi kunda hech bir xalqning milliy va ma’naviy an’anasi, odatlariga to‘g‘ri kelmaydigan turli “urf-odatlar” ko‘paymoqda, — dedi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Islomshunoslik fakulteti dekani Jahongir Tohirov. — Achinarli jihati shundaki, ko‘pchilik, xususan ayrim yoshlar uning ta’siriga tushib qolmoqda. Afsuski, bularning bari yoshlarimizning yurish-turishida, kiyinishida, o‘zini tutishiyu boshqalar bilan bo‘ladigan suhbatlarida ko‘zga tashlanadi. Bunday yot g‘oyalar esa bizning milliy qadriyatlarimiz va an’analarimizga aslo to‘g‘ri kelmaydi. Turli nayrang va xatarlardan ogoh, sergak va hushyor bo‘lishimiz zarur.
So‘nggi paytlarda ma’naviyatimizga zid bo‘lgan turli g‘arazli kuchlar “ommaviy madaniyat” niqobi ostida yoshlarimiz ongiga ta’sir o‘tkazishga harakat qilmoqda.

Tadbir davomida ana shu masalalar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan ayrim yoshlar hayotga faqat bir tomonlama boqadigan, yengil hayotga intiluvchan bo‘lib voyaga yetishi, bu esa ularda buzg‘unchilik, zo‘ravonlik, faqat o‘z manfaati uchun harakat qilish kabi illatlar rivojlanishiga sabab bo‘lishi qayd etildi. “Ommaviy madaniyat” degan niqob ostida axloqiy buzuqlik va zo‘ravonlik g‘oyalarini tarqatish, shuning hisobidan boylik orttirish, milliy an’ana hamda qadriyatlarni qo‘porishga qaratilgan xatarli tahdidlar odamni tashvishga solmay qo‘ymaydi.
Bugun yoshlarimiz o‘ziga xos “tushunchalar urushi” sharoitida yashamoqda. “Ommaviy madaniyat” aynan milliy qadriyatimiz asosi bo‘lgan hayo, andisha, oqibat, mehr-muhabbat kabi go‘zal axloqiy qadriyatlarimizga qarshi bo‘lgan axloqsizlik va yovuzlikni o‘zida aks ettirgan harakat ekani qayd etildi.
Tadbir doirasida soha mutaxassislari, xususan, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Shahzod Islomov, Ichki ishlar vazirligi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi vakili, mayor Farrux Elmirzayev, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish YUNESKO” kafedrasi mudiri Odiljon Ernazarov tomonidan “Soxta salafiylik: tarixi, g‘oyasi, belgisi, xatarlari” mavzusida ma’ruzalar qilindi.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan olimlarga murojaat qildi.
N.Usmonova, O‘zA