O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filialida tahsil olayotgan talaba-yoshlar bilan “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimligi, davlat xavfsizlik xizmati vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari va talaba yoshlar ishtirok etdi.

Unda dunyo miqyosida vujudga kelayotgan tahlikali vaziyatlar, kuchayib borayotgan xavf-xatarlar, qonli to‘qnashuvlar, siyosiy va iqtisodiy qarama-qarshiliklar, terrorizm, radikalizmning tobora avj olishi tinchlik va barqarorlikka jiddiy tahdid solayotgani haqida so‘z bordi.

– O‘zbekiston taraqqiyotning yangi davriga qadam qo‘ydi va buni barcha sohalardagi tub o‘zgarishlar qatori ma’naviyat va ma’rifatga bo‘lgan munosabatda ham yaqqol ko‘rish mumkin, – deydi O‘zMU Jizzax filiali psixologiya fakulteti talabasi N.Rahimqulova. – Bunday vaziyatda biz yoshlar, o‘zimizning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, psixologik va kerak bo‘lsa diniy bilimlarimizni ham yanada oshirishimiz, faoliyatimizda birinchi navbatda zarur bo‘ladigan fanlar bo‘yicha o‘z ustimizda chuqurroq ishlashimiz va tanlagan sohamizni mukammal egallashimiz talab etiladi. Jaholatga qarshi faqatgina ma’rifat yo‘li bilan kurash olib borib g‘alabaga erishish mumkin.
Davra suhbatida tadbir ishtirokchilarining mavzuga oid savollariga mutaxassislar atroflicha javob qaytardi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA