Samarqand viloyatida shu shior ostidagi targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi, Samarqand viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirlarda dinshunos olimlar va ulamolar, ziyolilar ishtirok etmoqda.
Samarqand shahridagi yoshlar markazida shahar va Jomboy tumani sektor rahbarlari, ta’lim va tibbiyot muassasalari mas’ullari, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda ma’ruzalar qilindi.

Ma’ruzachilar bugun dunyodagi vaziyat, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-xotirjamlik va buning asosi bo‘lgan diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik ta’minlanayotgani haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, uchrashuvda yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ularni turli yot mafkuralar ta’siridan asrash, fuqarolar murojaatlari bilan ishlashga jiddiy e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.

Samarqand shahridagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ota-onalar, hududdagi mahallalar faollari ishtirokida tashkil etilgan targ‘ibot tadbirida ham farzandlar taqdiriga xavf solayotgan illatlar, ulardan himoyalanish nechog‘lik muhimligiga e’tibor qaratildi. Ana shunday illatlarning ayanchli oqibatlari aks etgan videorolik namoyish etildi.

Viloyatdagi jome masjidlarda ushbu mavzuda o‘tkazilgan uchrashuvlarda yurtimizning taniqli imomlari va ulamolar ishtirok etmoqda.
Xususan, Samarqand shahridagi “Xo‘ja Ishoqi Vali” masjidida bo‘lib o‘tgan ma’rifiy suhbatda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov ishtirok etdi va jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, iymon-e’tiqodli, diyonatli bo‘lish haqida ma’ruza qildi. Targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda.
G‘.Hasanov, O‘zA