Andijon davlat pedagogika institutida “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusidagi davra suhbatida institut professor-o‘qituvchilari, tyutorlari, profilaktika inspektori, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Andijon viloyati hududiy boshqarmasi vakili va talaba yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Muhammadjon Parpiyev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Andijon viloyati hududiy boshqarmasi mutaxassisi Ayubxon Muzrobxonov va boshqalar tomonidan bugungi globallashuv davrida yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan diniy-ekstremistik g‘oyalar, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlari ta’siriga tushib qolmaslik, yot g‘oyalar, illatlarga qarshi faqat ma’rifat, bilim va yuksak intellektual salohiyat bilan qarshi turish mumkinligi ta’kidlandi.

Tadbirda mutasaddi va mutaxassislar tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan mafkuraviy xatarlar, turli ekstremistik oqimlarning yoshlar ongi va qalbini egallashga qaratilgan harakatlariga qarshi kurashish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi. Axborot xavfsizligi madaniyatini oshirish, media savodxonlikni rivojlantirish hamda yoshlarni ishonchli manbalardan foydalanishga yo‘naltirish muhimligi alohida qayd etildi.

Shuningdek, davra suhbatida yoshlarning ilmiy-ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini rag‘batlantirish, startap va innovatsion loyihalarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.

Yoshlar orasida psixotrop moddalarning tarqalishiga qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlarni muntazam o‘tkazib borish muhimligi yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.

– Tadbirda ishtirok etib, mafkuraviy tahdidlar haqida ko‘p ma’lumotlar oldik, – deydi institut talabasi Gulbahor Hakimova. – Qolaversa, ular keltirib chiqaradigan oqibatlar naqadar ayanchli ekanligini yanada chuqurroq anglab yetdik. Shu bois ham, biz talabalar mafkuraviy tahdidlar, bir so‘z bilan aytganda, jaholatga qarshi qat’iy kurashamiz.
F. Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari.