Vatanimiz tarixidagi 4 aprel sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1260 yil (bundan 765 yil oldin) – Falastinning Ayn Jalut degan joyida bo‘lib o‘tgan jangda mo‘g‘ullar Sayfiddin Qutuz tomonidan tor-mor keltirilib, ularning g‘arbga qarab yurishlari to‘xtatildi. Jangdan so‘ng Sayfiddin Qutuz faxr bilan: “Men mo‘g‘ullarni yakson qildim va xorazmshoh amakimning o‘chini oldim”, degan edi. Zero, manbalardan ma’lum bo‘lishicha, Sayfiddinning onasi Jadoliddin Manguberdining opasi, otasi esa uning amakivachchasi edi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Jaloliddin Manguberdining vafotidan so‘ng uning g‘arbiy o‘lkalarda qolib ketgan amirlari va askarlari – xorazmiylarning bir qismi Misrga borib qolgan va Misr sultoni Sayfiddin Qutuzning qo‘shiniga kirgan. Xuddi shu paytda mo‘g‘ullar Misrga elchi yuborib, tezda bo‘yin egish va o‘lpon to‘lashpi talab qilgan edilar. Qutuz amirlarni chorlab maslahat soladi. Xorazmlik amirdar dushmanga tobe bo‘lmaslik va jang qilishni yoqlab chiqishadi. Sulton ham shuni ma’qul ko‘radi va g‘alaba qozonadi.
1868 yil (bundan 157 yil oldin) – Toshkentda kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila natijasida shahardagi ko‘plab imoratlar buzilgan, 50 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Tebranish 15 soniyaga yaqin davom etgan.
1914 yil (bundan 111 yil oldin) – Toshkentda jadidlarning eng sevimli nashrlaridan bo‘lgan “Sadoi Turkiston” (“Turkiston ovozi”) gazetasining birinchi soni nashr etildi. Gazeta haftada 1 marta 4 sahifada bosilgan. Gazeta asosiy e’tiborni milliy taraqqiyotni yuzaga chiqarishga qodir bo‘lgan ma’rifatli, insofli, diyonatli insonlarni tarbiyalashga yo‘naltirdiki, bu uning tarixiy xizmatidir. Milliy hislarni tarbiyalashdagi sobitligi jihatidan “Sadoi Turkiston” o‘sha davrdagi milliy matbuot nashrlari safida oldingi o‘rinda turadi. Gazeta faoliyati moddiy qiyinchiliklar tufayli to‘xtagan. Jami 66 soni chiqqan, xolos.
Mazkur milliy gazeta jamoasiga birinchi marta zamonaviy – Yevropacha ilm olgan shaxs boshchilik qilgan. Jarida muharriri Ubaydulla Asadullaxo‘jayev Saratov shahrida huquqshunoslik bo‘yicha zamonaviy oliy ta’lim olgan bo‘lib, Turkistonga qaytgach, milliy ozodlik orzusida yurgan mahalliy ma’rifatparvarlar safiga kelib qo‘shildi. Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy singari jadidlarning yirik siymolari bilan hamkorlikda “Sadoi Turkiston” gazetasini tashkil qildi.
An’anaga ko‘ra, dastlabki sonida gazetaning maqsad va maslagi ma’lum qilingan. Unda shunday satrlar bor: “Zamonamiz taraqqiy va madaniyat zamonidir. Lekin bu taraqqiy va bu madaniyatdan eng oz foydalang‘on yolg‘uz biz Turkiston musulmonlaridirmiz, desak xato o‘lmasa kerak. Chunkn boshqa millatlar ulum va funun vositasida kundan-kun yuqori ko‘tarilub, ko‘klarda uchmoq martabasina yetushdilar. Biz esak o‘z g‘aflat va jaholatimiz soyasida tobora yerga kirmoqdamiz...”
1920 yil (bundan 105 yil oldin) – Rossiya bolsheviklarining “sa’y-harakatlari” bilan Yosh xivaliklar partiyasi tarqatilib, o‘rniga Xorazm kompartiyasi tuzildi. Yosh xivaliklarning qismati Turkiston va Buxoro jadidlari kabi ayanchli tarzda yakun topdi.
1931 yil(bundan 94 yil oldin) – tarixchi Alisher Toyirovning arxiv hujjatlariga tayanib qayd etishicha, Chorva mollarini musodara qilish komissiyasining o‘ta maxfiy qarorlaridan biri qabul qilindi. Unda chorvador rayonlardagi quloq xo‘jaliklariga tegishli bo‘lgan chorva hayvonlarini musodara qilish miqdorlari belgilandi. Rejaga ko‘ra respublikadagi mavjud 22 chorvador tumanidan jami 1 million 724 ming 400 bosh chorva hayvonini musodara qilib, kolxoz va sovxozlar ixtiyoriga berish belgilab qo‘yildi.
Hujjatga ko‘ra, masalan, Samarqand okrugining Narpay tumanidan 121 ming, Nurota tumanidan 106 ming, Xatirchi tumanida 41 ming, Kattako‘rg‘on tumanidan 29 ming 900 bosh qo‘y tortib olish rejalashtirildi. Bunday holatda o‘ziga to‘q bo‘lgan chorvadorlar chorva mollarini yashirishga yoki so‘yishga majbur bo‘lishgan. Quloqlashtirish siyosati orqali hukumat tomonidan ularga nisbatan keskin choralar ko‘llangan va mol-mulklarini tortib olishda davom etilgan.
1956 yil (bundan 69 yil oldin) – uzoq davom etgan muhokamadan so‘ng, “O‘zbek orfografiyasining asosiy qoidalari” tasdiqlandi. Kirill alifbosiga asoslangan o‘zbek yozuvining ushbu imlo qoidalari 1952 yil may oyidan 1953 yil noyabr oyiga qadar hay’at tomonidan to‘rt marta qayta ishlangan va nihoyat 1955 yil risola holida nashr etilgan edi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – Hind okeanining g‘arbida, Afrikaning janubi-sharqiy qirg‘og‘idan 400 kilometr sharqdagi Madagaskar oroli va unga yondosh mayda orollarda joylashgan Madagaskar Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi suverenitetini tan oldi.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – Toshkent telemarkazi birinchi marotaba aloqa yo‘ldosh orqali Turkiyaga bevosita telesignal ko‘rsatuvini amalga oshirdi. Turk tomoshabinlari Turkiya Respublikasi Prezidenti Turg‘ut O‘zol boshchiligidagi rasmiy davlat delegatsiyasining Toshkentga kelganligi to‘g‘risidagi reportajni O‘zbekiston xalqi bilan bir vaqtda tomosha qildilar.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – Jizzax viloyatida O‘zbekistonda birinchi yirik temir rudasi koni ochildi.
2002 yil (bundan 23 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonuni qabul qilindi.
2002 yil (bundan 23 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2006 yil (bundan 19 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Neft-gaz tarmog‘ining moliyaviy barqarorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA