Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jadidlar merosini o‘rganish, anglash – ildizi baquvvat daraxtga aylanish imkonidir
12:06 / 2023-02-24

Bugun dunyoda kechayotgan voqea-hodisalar xohlaymizmi-yo‘qmi, bir asr oldingi saboqlarni eslashga, ulardan oqilona xulosa chiqarib, yo‘l qo‘yilgan xatolarni takrorlamaslikka undamoqda. Zero, Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomada alohida ta’kidlaganidek, bugungi dunyo hayoti har qachongidan ham murakkab, ziddiyatli, xavfli ko‘rinish olgan.

Yer yuzidagi tabiiy boyliklar taqchillashib, insoniyat yashash aurasi tobora qisqarib borayotgan hozirgi sharoitda milliy mustaqillikni saqlash, dunyo bilan tengma-teng munosabatda bo‘lish, mamlakat hududiy yaxlitligi, iqtisodiy va mafkuraviy xavfsizligini asrash, jamiyat tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash o‘z-o‘zidan bo‘ladigan ishlar emasligini keng omma ongli tarzda tushunmog‘i lozim.  

O‘z davrida dunyoning ilg‘or davlatlaridan ko‘p jihatdan ortda qolgan Turkiston xalqlarini bo‘lajak fojialardan ogoh etish, jamiyat hayotini inqilobiy – zo‘rlik yo‘li bilan emas, balki tadrijiy – ma’rifiy yo‘l bilan ijobiy tomonga o‘zgartirish jadidchilik harakatining asosiy maqsadi, kurash usuli edi.  

Jadidlar XIX asr oxiri – XX asr boshida musulmon modernist islohotchilari bo‘lgan. Ular o‘zini «taraqqiyparvar», «ziyoli» yoki faqat «Yoshlar» deb atagan kishilar edi. Jadidlar ta’lim sohasini isloh qilish hamda maktablarda «usul ul-jadid» yoki «yangi usul»ni tatbiq qilish va rivojlantirishga intilgan. Bu yo‘lda ular imkoniyatida mavjud jamiki resurslar (iste’dodlari, shaxsiy mablag‘lari, uy-joylari, siyosiy va madaniy institutlar, matbuot hamda teatr, ma’rifat uylari va hokazo)dan to‘liq foydalandilar, hatto aziz umrlarini ham fido qilishdi. Avval chor hukumati, keyin sho‘rolar davlati, ichki qora kuchlar – qadimchi va johil ulamolar tomonidan ko‘rsatilgan zulm-zo‘ravonliklar, tazyiqlar, quvg‘inlar, suiqasdlarga qaramay, jadid bobolarimiz o‘zlari tanlagan yo‘ldan qaytmadilar.  

Prezidentimiz Murojaatnomada alohida ta’kidlaganidek: «Biz qadimiy va boy tariximizni, ayniqsa, g‘oyat og‘ir sharoitda ilm-ma’rifat, inson erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga mehr va sadoqat g‘oyalarini dadil ko‘tarib chiqqan jadid bobolarimiz faoliyatini yanada chuqur o‘rganishimiz lozim. Ularning ulug‘ maqsadlar yo‘lidagi mardona kurashi va fidoyiligi Yangi O‘zbekistonni qurishda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi zarur».  

Ma’lumki, imperiya hukmi ostida jadidchilik harakati og‘ir va qarama-qarshiliklarga to‘la bo‘lmish davrda o‘z faoliyatini olib bordi. Jadidchilik XIX asr 80 yillari o‘rtalaridan Turkiston o‘lkasida ham tarqalib, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy mazmundagi harakatga aylandi. Millat istiqbolini o‘ylovchi taraqqiyparvar kuchlar xalqning deyarli barcha tabaqalari – hunarmand, dehqon, savdogar, mulkdor, ulamolar orasida mavjud edi. Ziyolilar dastlab chorizmga qarshi kurashni xalqni asriy qoloqlikdan uyg‘otish – siyosiy-ma’rifiy jabhadan boshlashga qaror qilishdi.  

Aslida «jadid» so‘zining ma’nosi «yangi» demakdir. Lekin u shunchaki «yangi», «yangilik tarafdori» degani emas, balki «yangi tafakkur», «yangi inson, «yangi avlod» singari keng ma’nolarni o‘zida mujassam etgan. Jadidchilik – davlat, tuzum, boshqaruvni isloh etish va millatni rivojlantirish orqali, umuman, jamiyatni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqishni maqsad qilib qo‘ygan hamda aniq amaliy tadbirlarni o‘zida mujassamlashtirgan g‘oyalar tizimi. Bu tizim jahon sivilizatsiyasida nihoyatda katta rol o‘ynagan Turkistondek bir tarixiy o‘lkada sharqona hayot tarzini saqlagan holda uni G‘arb va Yevropa taraqqiyoti natijalari bilan boyitishni ko‘zlagan.  

Jadidlar orasidan yetuk olimlar, sanoat va ziroatchilik sohalarining zamonaviy bilimdon mutaxassislari, madaniyat arboblari yetishib chiqib, yurtni obod va Vatanni mustaqil ko‘rishni orzu qilishdi, shu yo‘lda fidoyilarcha kurashishdi. Jadidlarning Turkiston mustaqilligi uchun kurashida asosan quyidagi yo‘nalishlar ustuvor edi: yangi usul maktablari tarmog‘ini kengaytirish; qobiliyatli yoshlarni chet elga o‘qishga yuborish; dunyoviy ilmlarni, zamonaviy fan va texnikani egallab, taraqqiy topgan millatlar darajasiga ko‘tarilish; turli ma’rifiy jamiyatlar va teatr truppalari tuzish; gazeta va jurnallar chop qilish, qoloqlikka qarshi ma’rifat bilan kurashish, ana shu asosda hurriyatga erishish, Vatanning buyuk sha’nu shavkatini tiklash jadid ta’limotining o‘zak g‘oyasi hisoblanadi.  

Shu o‘rinda ma’rifatparvar shoir, zabardast tilshunos, tarixshunos olim, ilk o‘zbek matbaachilaridan biri Ibratning yangi maktablar ochish, o‘qituvchilar tayyorlash, ayollarni ilm-ma’rifatli qilish ishlarida faol qatnashganini, o‘z she’rlarida mahalliy va chor amaldorlari kirdikorlarini fosh etganini, xalqning ilmli, ma’rifatli bo‘lishi yo‘lida amalga oshirgan ishlarini esga olish kifoya. Mutaassiblik va nodonlik hukm surgan davr muhitida mana shunday ishlarni amalga oshira olishning o‘zi bo‘lmasdi. Buning uchun kishida millat uchun uradigan katta yurak bilan birga, vatanparvarlik, fidoyilik kabi xislatlar, fazilatlar bo‘lishi lozim edi. Shu sabab ham hech ikkilanmay aytish mumkinki, Ibrat domla singari bobolarimizning o‘sha davrda el-yurtimiz taraqqiyoti yo‘lidagi fidokorona xizmatlari chinakam ma’naviy jasorat edi.  

O‘rni kelganda aytish lozimki, bugungi imkoniyatlar, ilm-ma’rifatga xayrixoh hukumat jadidlar zamonida bo‘lganida edi, Uchinchi Renessansga allaqachon erishgan bo‘lardik.  

Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Zamona ilmu fanidan bebahra millat o‘zgalarga poymol bo‘lur», Abdulla Avloniyning «Tarbiya biz uchun yo hayot yo mamot, yo najot yo halokat, yo saodat yo falokat masalasidir», degan so‘zlari bugun ham millatni uyg‘otuvchi da’vatdek jaranglab turibdi.  

Jahon intellektual merosi taraqqiyoti tarixida jadid ma’rifatparvarligining ijtimoiy-iqtisodiy, falsafiy g‘oyalarini bugungi kun talablari nuqtai nazaridan o‘rganish yoshlar milliy-ma’naviy qiyofasini shakllantirishda, ularni axloqiy yuksaltirishda, turli xil yot g‘oyalardan saqlashda, ular ongida mafkuraviy immunitetni shakllantirishda muhim tarbiyaviy ahamiyatga egadir.  

Agar o‘tgan asr boshlarida xalqimiz hayoti va taqdiriga ega chiqmoqchi bo‘lgan tashqi kuchlar qo‘l bilan sanoqli va ularni ko‘z bilan ko‘rish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, bugun hayotning beistisno barcha sohalarini qamrab olgan xurujlarning sonini ham, kelayotgan manzilini ham, ortida qanday kuchlar va manfaatlar turganini ham bilish-aniqlash oson ish emas. Shunday ekan, bugungi ma’rifatchi-ziyolilar – olimlar, pedagoglar, ijodkorlar, din peshvolaridan bu masalalar ustida jiddiy o‘ylash, ularning mohiyatini chuqur anglash va eng muhimi – millionlab yurtdoshlarimizga tushunarli til va uslublarda anglatish talab etiladi. Bunda targ‘ibot-tashviqotning zamonaviy minbarlari – internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan tunu kun foydalanish zarur.  

Avvalgi davrlarda jadidlar va ularning ijodiga nisbatan noto‘g‘ri munosabatda bo‘lingani bor gap. Murojaatnomada jadidlar haqida aytilgan fikrlar zamirida mazkur jarayon bardavom bo‘lishi, ularning ibratli hayoti va ijodi bilan chuqurroq tanishish, katta tajriba va mahorat maktabi sifatida ko‘rish, bizga meros bo‘lib qoldirgan asarlari va g‘oyalari Yangi O‘zbekistonni qurishda xizmat qiladi, degan ta’kid bor.  

Jadid degani – yangi degani bo‘lsa, demak, Yangi O‘zbekiston yangilik va yaxshilik tarafdori bo‘lgan jadidlarning orzusi ham edi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.  

 

Nasimjon ALIMOV,

OʼzLiDeP Siyosiy ta’lim markazi rahbari,  

iqtisod fanlari nomzodi, dotsent