Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jadidlar merosi davlat muzeyi millatparvarlikni shakllantiradi
13:37 / 2025-12-10

XIX asr oxiri XX asrning birinchi choragida yangi usuldagi zamonaviy maktablar tashkil etish, ma’rifatparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilishga intilgan, aholi qatlamlarining ziyoli bo‘lishini istab, taraqqiyotning ilg‘or usul va yo‘llarini yoqlab chiqqan jadidchilik harakati namoyandalarining millat ravnaqidagi o‘rni va xizmatlari beqiyos.

Mazkur ijtimoiy-ma’rifiy harakatda ko‘plab millat ziyolilari faol qatnashib, tashabbuskorlik ko‘rsatishgan. Jamiyatni rivojlantirish, turli illatlar va madaniy qoloqlikni bartaraf etish, millatni mustamlaka zulmidan ozod qilish maqsadida ilg‘or g‘oya va tashabbuslarni ilgari surishgan. Yurt farzandlarining ziyoli, ma’rifatli bo‘lishi yo‘lida matbaachilik, yangicha uslubdagi zamonaviy maktablarni tashkil etishga bosh-qosh bo‘lishgan. Ilmiy-ijodiy, pedagogik faoliyatlari bilan ma’rifatga xizmat qilishgan.  

O‘tmishimizdan bilamizki, Turkistondagi jadidchilik harakatiga Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Fitrat, Cho‘lpon, Pahlavon Niyoz Hoji, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda, Abdulla Qodiriy, shuningdek, «Yosh buxoroliklar», «Yosh xivaliklar» tashkiloti rahbarlari boshchilik qilishgan. Jadidchilik harakati namoyandalarining millat ma’naviy-ma’rifiy rivojidagi fidoyiligi, jonkuyarligi, millatparvarligi e’tirofga munosib.  

Afsuski, ko‘p vaqtlar mobaynida jadid harakati asoschilari va namoyandalarining nomi, millat oldidagi xizmatlari unutilib kelingan. Aksariyatining nomlari ro‘yxatlarda, arxiv hujjatlarida saqlanmagan.  

Jadidchilik harakatining ahamiyati, jadid bobolarimizning boy ilmiy merosi XX asr so‘nggida o‘rganila boshlandi. Jumladan, mamlakatimizda so‘nggi yillarda jadidchilik ijtimoiy-siyosiy harakat sifatida e’tirof etilib, jadidlarning hayoti va faoliyati chuqur o‘rganila boshlandi, ilmiy izlanishlar olib borish yo‘lga qo‘yildi. Jadid adabiyotiga oid kitoblar, to‘plamlar nashr etila boshlandi. “Jadid” gazetasini nashr etish yo‘lga qo‘yildi.  

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 30 maydagi “Jadidlar merosi davlat muzeyini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorini alohida e’tirof etish lozim.

Mazkur qarorga ko‘ra, ma’rifatparvar jadidlarning Vatanimiz va jahon tarixidagi muhim o‘rni va ahamiyatini, milliy istiqlolimizning ma’naviy asoslarini yaratishdagi fidoyiligini, ibratli hayoti va faoliyatini, boy ilmiy-ijodiy merosini chuqur o‘rganish va faol targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni yanada kengaytirish maqsadida Buxoro shahridagi tarixiy maskan — Xo‘ja Gulrez ko‘chasi 13-uy manzilida joylashgan Hovli Poyon majmuasida Jadidlar merosi davlat muzeyini  tashkil etish belgilangan.  

Mazkur muzey faoliyatining asosiy vazifalari sifatida jadidlik harakatiga oid mamlakatimiz va xorijdagi turli manbalar va tarixiy hujjatlarni aniqlash, to‘plash, saqlash, o‘rganish, tiklash, nusxalash, e’lon qilish, ular asosida muzey fondini boyitib borish va ekspozitsiyalarni yaratish kabilar belgilandi.

Shuningdek, madaniy-ma’rifiy va ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish, ma’rifatparvar jadidlarning Vatanimiz va jahon tarixidagi muhim o‘rni va ahamiyatini, milliy istiqlolimizning ma’naviy asoslarini yaratishdagi hissasi va fidoyiliklarini haqqoniy yoritish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish vazifalari belgilab berildi.  

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Fanlar akademiyasi, “O‘zarxiv” agentligi, Madaniy meros agentligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi bilan birgalikda muzey fondini jadidlik harakatiga oid ashyolar, buyum va kolleksiyalar bilan to‘ldirish choralari ko‘rilmoqda. Mazkur davrga oid ashyoviy va ilmiy manbalarni to‘plash va muzey fondini to‘ldirish, muzey ekspozitsiyalarini yaratishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanishga e’tibor qaratilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, Jadidlar merosi davlat muzeyining tashkil etilishi aholi, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod ongida jadid bobolarimiz merosiga, ularning millatparvarlik harakatlariga nisbatan hurmat va daxldorlik tuyg‘ulari shakllanishida muhim o‘rin tutadi. Muzey kolleksiyalari, ilmiy manbalari asosida ushbu davrni yanada keng o‘rganish, batafsil tushunchaga ega bo‘lish imkoniyati yuzaga keladi.  

Shu ma’noda mazkur qarorda belgilangan vazifalar bugungi davr islohotlariga hamohang ravishda boy tariximizni, taraqqiyparvar ajdodlarimizning el-yurt ravnaqi yo‘lidagi xizmatlarini o‘rganish va namuna olishga xizmat qiladi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA