Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida ma’naviyat fidoyisi, taniqli jurnalist To‘lqin Eshbekning “Jadidlar javhari” doston va she’rlardan iborat kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, “Oltin qalam” Milliy mukofoti sovrindori shoir To‘lqin Eshbekning ijodi va yangi kitobi haqida adiblar, jurnalistlar, tarixchilar, talaba-yoshlar o‘z fikrlarini bildirdi.

Mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida ma’rifatparvar jadid bobolarimiz tarixi, ular faoliyati, hayotini chuqur, teran va tahliliy asosda o‘rganishga katta e’tibor qaratilayotgani alohida ta’kidlandi.
Ushbu mas’uliyatli va murakkab jarayondagi tadqiqot ishlariga tarixchi olimlar, jurnalistlar, adib va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, o‘qituvchilar, arxiv va muzey mutaxassislari, musavvirlar faol hissa qo‘shmoqdalar. Keyingi yillarda jadid bobolarimizning orzu-intilishlari, og‘ir taqdiri haqida yozuvchilarimiz tomonidan ko‘plab asarlar yaratilmoqda. Kartinalar, sahna asarlari, badiiy va hujjatli filmlar ishlanmoqda. Bu asarlar ma’rifatparvarlarimizning faoliyati, hayotiy intilishlarini tobora kengroq anglab yetishimizda muhim ahamiyat kasb etadi.

So‘zga chiqqanlar jadidlarning milliy ong va g‘ururni uyg‘otish, ozodlik va mustaqillikka erishish yo‘lidagi xizmatlarini yodga oldilar. Ular Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulqodir Shakuriy, Fitrat, Cho‘lpon, Avloniy kabi taraqqiyparvarlar faoliyatiga alohida to‘xtalib, jadidchilik harakati millatimiz ma’naviy uyg‘onishida beqiyos o‘rin tutganini ta’kidladi.
– Mohir adib va jurnalist To‘lqin Eshbekning “Jadidlar javhari” doston va she’rlardan iborat ushbu kitobi taraqqiyparvar bobolarimiz hayotini teran va kengroq o‘rganishda alohida ahamiyat kasb etadi, – dedi taniqli shoira Gulchehra Shahobiddin qizi. – Bunday badiiy asarlar istiqlolimizni orzu qilgan va shu yo‘lda jonini ayamagan jadid bobolarimiz hayotini badiiy adabiyot vositasida ochib beradi.

Darhaqiqat, adib va jurnalist To‘lqin Eshbekning mazkur kitobida jadidchilik harakati keng qamrovda yoritilib, yuksak badiiy talqinda ochib berilgan.
Adib, shoir va publitsistning “Jigarbandlar”, “Shabada esgan kun”, “Qishloqlik bola qissasi”, “Jaydari hangomalar”, “Adashgan qiz qismati”, “Hayot karvonlari”, “Samarqand farzandi”, “Olimning beqiyos olami”, “O‘zbekning yomoni bo‘lmaydi”, “Ikki asr odami”, «Korrupsiyasiz hayot zavqi», “Generalning mangu yulduzi”, "Boburning gavharlari", "Buxoroi sharif ziyosi", "Ayol va Oy", "Jadidlar javhari" deb nomlangan nasriy hamda she’riy to‘plamlari kitobxonlar qalbidan joy olgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga binoan To‘lqin Eshbek 2019 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Tadbir doirasida jadidlar hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ham tashkil etildi.
Nazokat Usmonova,
O‘za muxbiri